Farzand – hayot gultoji

Farzand dunyoga kelar ekan, ota-ona uning timsolida yorqin kelajakni ko‘radi. Hayoti davomida o‘zi erisha olmagan jamiki yutuqlarga dilbandi yetishishini istaydi. Buning uchun kerak bo‘lsa, jonini fido qiladi. Jigargo‘shasining kamol topishi, erishajak barcha muvaffaqiyatlarida u bilan yelkama-elka turishni istaydi.

Insonning sog‘lik va tinchlikda o‘tayotgan har bir kuni u ko‘zlagan maqsadi tomon tobora yaqinlashtiradi. Shubhasiz, sog‘-salomat voyaga yetayotgan farzand ota-ona hayotining baxti, iqboli, uning jamiki orzu-umidlari sohibi.

Keksalarimiz dasturxon boshida duoga qo‘l ochganlarida eng avval Yaratgandan tani sihatlik, hotirjamlik so‘raydi. Buning boisini farzandim Xabibulloning sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lganida yanada teranroq angladim. Doimiy charchash, holsizlik, quvvatning kamligi dilbandimni bolalikning eng beg‘ubor damlarini quvnoq kayfiyatda o‘tkazishiga halal berardi.

Shifokorlar farzandimda jiddiy xastalik borligini aytishdi. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasi esa otasi va meni chuqur qayg‘uga soldi. Unda yurak nuqsoni aniqlangan edi…

Kunlar o‘tgani sayin o‘g‘limdagi behollik kuchaya bordi. Davomiy o‘tkaziladigan muolajalar sababligina u yana vaqtinchalik kuchga to‘lar, ammo uning harakatlari sog‘lom bolalarnikidan anchayin farq qilardi. Shifokorlar unga yurak jarrohligi amaliyoti zarurligi, bunga qadar esa o‘g‘limning salomatligi xavf ostida ekanini aytishdi. Tabiiyki, yurak jarrohligi bilan bog‘liq amaliyot o‘ziga yarasha katta mablag‘ni talab etadi.

Shunday kunlarning birida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi haqida xabar topdik. Zudlik bilan Xabibulloning hujjatlarini yig‘ib, fond mutaxassislariga topshirdik. O‘tkazilgan tibbiy ko‘riklardan so‘ng uni operatsiya qiladigan bo‘lishdi. O‘tgan yilning noyabr oyida fond mutaxassislari turmush o‘rtog‘im hamrohligida farzandimizni Hindistonning Dehli shahridagi Artemis klinikasida yurak jarrohlik amaliyotini o‘tkazish maqsadida olib ketishdi. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bundan men va yaqinlarim qanchalik xursand bo‘lganini so‘z bilan ifodalab berolmayman.

Mana bir yildirki, sog‘lom bo‘lib bag‘rimga qaytgan farzandimni shahdam qadam bosishlari, tengdoshlari bilan quvnab o‘ynashini kuzatar ekanman ich-ichimdan unga sog‘lom hayot baxsh etishda o‘zining beminnat yordamini ayamagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining mehnatkash, fidoyi xodimlariga qalbimda chuqur minnatdorlikni his etaman.

 

Marziya YAKUBOVA,

Surxondaryo viloyati, Denov tumani

Yana o‘qing:  Ona va bola salomatligi – doimiy e’tiborda

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: