Farishtam, onam

 Atrofida rayhon va atirgul ifori ufurib turgan supa, hovlidagi bog‘da otamning ter to‘kib mehnat qilishi, siz esa o‘zingiz sevgan chamanzorda ardoqli gullaringizni parvarish qilishingiz, atrofingizda esa sakkiz nafar bolaning zavqu shavqqa to‘lib, o‘ynab yurishlari ahyon-ahyonda tushimga kiradi. Bu tush bolalik xotiralarimni uyg‘onishiga turtki bo‘ladi. O‘sha damlarni entikib sog‘inaman, yodga olaman.

Bola edik. Sizning erta tongda mehringiz, shirin so‘zingiz, erkalashingizdan uyg‘onardik. Hammamiz katta hovlida bir oila bo‘lib yashardik. Qani endi o‘sha damlar qaytib kelsa. Rahmatli dadajonimning “ona qizim”, deb erkalashlari, alqashlari hamon yodimda. Sizlar birgalikda jajji qalbimizni mehr bulog‘iga to‘yintirdingiz.

Yodimda, kelinlik chog‘imda uyga mehmon bo‘lib borganimda, xo‘jayinim bilan xafalashib qolganimni sizga aytgandim. Menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, tanbeh bergan edingiz o‘shanda. “Nima bo‘lganda ham turmush o‘rtog‘ing haq, “xo‘p” deyishni o‘rgan, bolam. Bilasanmi, erkakning baxti nimada? Qachon u ayolini urishmaydi, suyadi? Ayol aqlli va farosatli bo‘lganida”. Ayolning baxti-chi? – so‘radim sizdan. “Ayolning baxti esa tilini tiya olganida, hadeb shikoyat qilavermaganida, shukrona bilan yashashga o‘rganganida. Shunda oilangda tinchlik-xotirjamlik bo‘ladi” deb nisihat qilgandingiz.

Ming shukurlar bo‘lsinki, bugun o‘z yo‘limni topib, suyukli rafiqa nomiga erishdim. Buning hammasi siz tufayli, sizning tarbiyangiz mahsulidir. O‘shanda balki, men tomon bo‘lib, turmush o‘rtog‘imni nohaq deb bilganingizda, hayotim hozir qanday kechgan bo‘lardi. Buni hatto, tasavvur qilishni ham istamayman. Kelinlik davrimda ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lingiz, hozir yo‘lchi yulduz kabi hayot yo‘llarimni yoritmoqda.

O‘sha voqeadan so‘ng siz kelinlik uyimga mehmon bo‘lib keldingiz. Garchi, qizlik uyimda ro‘zg‘or yumushlarini astoydil o‘rgatgan bo‘lsangizda, biroq yangi xonadonda erka qizingizning kamchiliklarni ko‘ra oldingiz. Menga o‘shanda ham tanbeh berib, qaynonam yo‘qligida sekingina yo‘l qo‘ygan xatoimni aytib, rosa koyigan edingiz.

Mana endi shukurki, o‘sha nasihatlar ortidan qaynona-qaynotamning, oila a’zolarimning hurmatiga sazovor bo‘ldim. Barchasi siz tufayli onajon.

Bugun 80 yoshni qarshilabsizki, hamon o‘sha-o‘sha g‘ayratlisiz. Hech ham mehnat qilishdan charchamaysiz. Uy yumushlari kelinlaringiz, nevaralaringizdan ortmasada, ularni o‘zingiz bajarishga harakat qilasiz.

Onajon, sizdan juda olisda ekanligimdan gohida kuyinaman. Qarigan chog‘ingizda yoningizda bo‘lgim, sizga suyanchiq bo‘lsam deyman. Har gal yoningizga borganimda, bildirmay o‘tib borayotgan yillar sizga o‘z ta’sirini ko‘rsatganiga guvoh bo‘laman. Yuzingizdagi o‘zingizga yarashib turgan ajinlarga boqib, ularning ko‘payishiga men sababchi emasmikinman, sog‘inch dardi sizni kuyintirmadimi, deya o‘kinaman.

Yana o‘qing:  E’tiborni e’tirof etib

Aziz volidam, siz biz uchun hayot maktabini yaratdingiz. Ibratli hayot va saboqlarga boy yo‘lini. Siz qiyinchilikni ham yo‘qchilikni ham ko‘rgan insonsiz. Otam bilan sakkiz nafar farzandni voyaga yetkazdingiz. Barchamizni qiyin bo‘lsada, oliy ma’lumotli qildingiz.

Onajon sabringiz va mehringiz uchun tashakkur! Ilohim, baxtimizga hamisha sog‘ va omon bo‘ling!

 

Dilfuza AZIMOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: