E’zozdagi inson

Ikkinchi Jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 70 yilligi ham yaqinlashmoqda. O‘tgan asrda bo‘lib o‘tgan ana shu qirg‘inbarot urushda o‘zbek xalqining ham ko‘plab navqiron farzandlari dushmanga qarshi olib borilgan janglarda qahramonlarcha halok bo‘ldilar. Bo‘lib o‘tgan ana shu urush qariyib har bir o‘zbek oilasida o‘zining ayanchli asoratini qoldirdi.

Prezidentimizning 2015 yil 6 martdagi “1941-1945 yillardagi urush qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida mamlakatimiz taraqqiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.

Iste’fodagi kapitan, urush va mehnat faxriysi Qodir ota Ernazarov ana shunday e’zozli qariyalardan biri. Qodir og‘a urushning butun zahmatlarini boshidan kechirib, o‘zi tug‘ilgan zaminga qaytib keldi. Urush vaqtida ancha qashshoqlashgan ota-onasining xo‘jaligini tiklashga yordamlashdi.

Keyinchalik tarix faniga bo‘lgan qiziqishi uni sobiq O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) dargohiga yetaklab keldi. O‘shanda 1948 yilning sentyabr oyi edi. Qabul imtihonlari va tanlovlari tugagan, dargohda o‘quv jarayonlari allaqachon boshlanib ketgandi.

Universitet rektori Qodir og‘aning avval o‘qituvchilar institutini tugatganini va urush qatnashchisi ekanligini e’tiborga olib, tarix fakultetiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqardi.

1953 yilda ToshDU(hozirgi O‘zMU)ning tarix fakultetini imtiyozli diplom bilan tugallagach uni fakultetlararo tarix kafedrasida o‘qituvchi qilib qoldirishdi. U faoliyatining asosiy qismini shu oliy dargohda tarix fanidan talabalarga saboq berish bilan o‘tkazdi.

Keyinchalik Qodir ota tajribali tarixchi-olim sifatida, o‘zining 85 yoshigacha Toshkent yuridik institutida yoshlarga tarix fanidan ta’lim-tarbiya berib, ustozlik burchini sharaf bilan ado etdi. Endilikda ustozning shogirdlari ham faxriylar safida. Bunday nurafshon, tinch-osoyishta kunlarga yetkazgani uchun Ollohga shukronalar aytib, rafiqasi Ra’no opa bilan farzandlari, nevara-chevaralari qurshovida baxtli hayot kechirishmoqda.

Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonda yashagan 6,5 millionga yaqin aholining 1,5 milliondan ziyodi frontga ketgan. O‘sha dahshatli urushda 500 mingga yaqin yurtdoshimiz halok bo‘lgan, minglab norg‘ul yigitlar bedarak yo‘qolgan.

Bu yil 90 yoshni qarshilagan bo‘lsada hali ham bardam, tetik. Xotira va Qadrlash kuni yaqinlashgan sari Qodir og‘aning xotiralarini eshitib, suhbatidan bahramand bo‘lishga ishtiyoqmand yoshlar yanada ko‘paymoqda. Otaxon ham ularning chaqiriqlariga, takliflariga “labbay” deb, maktablar, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari huzuriga oshiqadi.

Yana o‘qing:  DSENM: Salomatlik yo‘lida sergak

– Bugun yurtimizda tengsiz o‘zgarish va yangiliklar yuz ko‘rsatgan, xalqimiz o‘z qo‘li bilan buyuk kelajagini yaratayotgan ekan, buning zamirida, eng avvalo, tinchlik va osoyishtalik yotgani hech kimga sir emas, – deydi faxr bilan Qodir ota Ernazarov.

– Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Men har yili 9 may kuni “Shahidlar hiyoboni”ga borib, urushda halok bo‘lganlarni eslab, ularning ruhlariga Ollohdan madad so‘rayman….

Biz urush va mehnat faxriysi, “Jasorat” medali va “Ikkinchi Jahon urushidagi G‘alabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medalining sohibi Qodir ota Ernazarov bilan suhbatlashib qaytar ekanmiz, uning so‘zlarida Keksalarni e’zozlash yilida faxriylarga ko‘rsatilayotgan alohida cheksiz g‘amho‘rliklari uchun Yurtboshimizga bildirgan minnatdorchiligining cheki yo‘qligini his qildik. Bunday nuroniy otaxonlarning sermazmun hayot yo‘li esa har bir yosh uchun ibratdir.

Feruza RAZZOQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: