Ezgulik ulashgan karvon

Salomatlik” poyezdi Navoiy viloyatida safarda bo‘ldi

 

Insoniyat yaralibdiki, bir-biri bilan muloqotga kirishib, o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashga intilgan. do‘stlik, hamjihatlik bilan umrguzaronlik qilgan. o‘zbek xalqi ham tarixan shakllanish jarayonida bag‘rikenglik, birdamlik, totuvlik va mehr-muruvvat tuyg‘ularini muqaddas qadriyat sifatida e’zozlagan. bemorlar holidan xabar olish, nochorlarga yordam qo‘lini cho‘zish elimizning azaliy urf-odatlaridan bo‘lib kelgan.

Bugun ham xalqimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, oila institutini mustahkamlash, ma’nan va jismonan sog‘lom avlodni kamol toptirish yo‘lida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mehrga tashna insonlar holidan xabar olish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Uzoq yillardan buyon yurtimizning chekka va olis hududlari aholisini qamrab olayotgan “Salomatlik” poyezdi loyihasi fikrimizning yaqqol isbotidir.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamkorligida tashkil etilgan ushbu aksiya bu gal Navoiy viloyatida bo‘ldi. Poyezd yurtimizning chekka va ekologik noqulay hududlarida istiqomat qiluvchi aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida Toshkent – Tinchlik – Konimex – Kara-kata – Mustaqillik – Buzouboy – Uchquduq II–Toshkent yo‘nalishida harakatlandi.

Jonkuyar shifokorlarning olis safarda hormay-tolmay xizmat qilayotganini ko‘rib, diling yayraydi. Shahargacha bir necha yuzlab kilometrlik masofa borligini inobatga olsak, mahalliy aholi uy yumushlaridan ortib, tibbiy ko‘rikda qatnashishi, ularning tibbiy savodxonligi yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Shu o‘rinda buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sinoning “Onasi vujudidayoq go‘dakni qil ehtiyot, unga biror ofat yetmay, tug‘ilsin u barhayot” degan satrlari xayolimizga keladi.

Tibbiy ko‘rik davomida bemorlarga aniq laboratoriya tahlillari hamda zamonaviy tekshiruv usullariga tayangan holda tashxis qo‘yildi. Jumladan, ushbu “Salomatlik” poyezdi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 1 ming 923 nafar fuqaro chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shifokorlar tomonidan kasalligi aniqlangan bemorlarga sog‘lomlashtirish yuzasidan tavsiya va maslahatlar berildi.

Poyezdda tibbiy ko‘rik uchun zarur bo‘lgan barcha tibbiy asbob-uskunalar mavjud, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ sog‘liqni saqlash xizmati bosh pediatri Malika Tillayeva. – Tibbiy-ko‘rik davomida katta yoshdagi fuqarolar o‘rtasida turli xastaliklar, ya’ni yurak-qon tomir, asab va endokrin, nafas olish tizimi, tayanch harakat tizimi xastaliklari aniqlandi. Bemor bolalar va o‘smirlarga ambulator sharoitda, shuningdek, tuman va viloyat miqyosidagi shifoxonalarda statsionar davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.

Ko‘rik davomida ayrim bolalarda endokrin tizimi kasalliklari (endemik bo‘qoq), kamqonlik, allergik xastaliklar va moddalar almashinuvining buzilishi (raxit) aniqlandi. Jumladan, tibbiy ko‘rikdan o‘tganlarning 642 nafarini ayollar (ulardan 445 nafari tug‘ish yoshidagi ayollar), 213 nafarini bolalar va o‘smirlar tashkil etdi. Shuningdek, 98 nafari keksalar, 39 nafari imkoniyati cheklangan fuqarolardir.

Yana o‘qing:  Silni yuqtirmaslik chora-tadbirlari

Tibbiy-ko‘rik “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Salomatlik” tibbiy sanitariya yordam poyezd shifokorlari, fondning Navoiy viloyat hududiy filiali tibbiy ijtimoiy patronaj brigadasi mutaxassislari va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi shifokorlari tomonidan amalga oshirildi.

Muruvvat yuklarining birinchi manzili “Tinchlik” temir yo‘l bekati bo‘ldi. U yerda Navoiy shahri, Navbahor, Nurota, Karmana, Xatirchi, Qiziltepa tumanlari aholisiga insonparvarlik yordamlari topshirildi. Mehr-muruvvat “karvoni”ning debochasi bo‘lmish ushbu bekat, Tinchlik qo‘rg‘oni, Konimex, Tomdi, Uchquduq tumanlari va Zarafshon shahrining chekka va olis manzillariga ulandi.

– Safar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan kishilarga manzilli tarzda oziq-ovqat mahsulotlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, dori-darmon va sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordamlari yetkazib berildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Navoiy viloyati filiali rahbari Marhabo Yuldasheva. – Shu bilan bir qatorda tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi orqali markaziy va bolalar shifoxonalari, tug‘ruq majmualari hamda bolalar maxsus maktab-internatlariga xayriya yordamlari ko‘rsatildi.

Dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari, tibbiyot jihozlardan iborat yuklar temir yo‘l bekati tibbiyot punktlari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, qishloq vrachlik punktlari, tuman tibbiyot birlashmalariga qarashli markazlar hamda fondning tayanch maskanlariga topshirildi. Shuningdek, 6 ta nogironlik aravachasi nogironlar va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga manzilli yetkazilib berildi.

Ushbu insonparvarlik yuklarini o‘z egalariga topshirish fondning Navoiy viloyati mintaqaviy tayanch maskanlari va “Mahalla” xayriya jamoat fondi shahar va tuman bo‘limi vakillari bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Safar davomida 2 ming 425 nafar fuqaroga 491 million so‘m miqdoridagi oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy jihozlar, sanitariya-gigiyena vositalari, oyoq kiyimlar, buklet, tibbiy anjom, ortopedik moslama, nogironlik aravachasi, hassa, uy ro‘zg‘or buyumlari, o‘yinchoq va kitoblardan iborat insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.

Safarimiz poyoniga yetib, poyezd azim Toshkent sari yo‘lga chiqdi. Biz hali bu manzillarga, albatta, qaytamiz. O‘shanda ham chehrasida mamnuniyat balqib turgan, har tomonlama sog‘lom va keng fikrli insonlar bizni yorug‘ yuz bilan kutib oladi. Atrofimiz durkun ulg‘ayayotgan jajji avlodning sho‘x qiyqiriqlariga to‘lib toshadi. Zero, “Salomatlik” poyezdining o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadi ham shu aslida.

 

Navro‘z NORBOBOYEV,

Toshkent – Navoiy – Toshkent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: