Chiqindilar va ularni qayta ishlash borasida…

O‘zbekiston Respublikasida ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida aniq bir maqsadga qaratilgan siyosat olib borilmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda bu sohaning zamonaviy mustahkam normativ-huquqiy bazasi yaratildi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi faoliyatni belgilab beruvchi 20 ga yaqin qonunlar va 300 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilindi.

Shuning bilan bir qatorda hozirda jamiyatimizning rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan, atrof-muhitga va aholi salomatligiga salbiy ta’sir etayotgan ekologik muammolardan biri chiqindilar masalasi bo‘lib, bugungi kunda chiqindilar atrof-muhitni ifloslantirishi natijasida tabiatga, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mulklariga xavf tug‘dirmoqda. Bunday sharoitda, hosil bo‘layotgan chiqindilarni to‘plash, saqlash, tashish, yo‘q qilish, ko‘mib tashlash, qayta ishlash, utilizatsiya qilish, ularni turlarga ajratish, qayta ishlash masalasi ustuvor vazifalardan bo‘lib qolmoqda. Shu masalalar haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Radjabova bilan suhbatlashdik.

 

– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda ekoharakat deputatlik guruhi a’zolari tomonidan joylarda ekologiya muammolari nazorat-tahlil faoliyati tartibida o‘rganildi, muammolar aniqlandi. Bugungi kunda ushbu muammolarni yechishda eng muhim omil bo‘lib xizmat qiluvchi vosita — mavjud huquqiy asoslardan to‘la foydalanish, shuningdek, kun talablaridan kelib chiqib, rivojlangan mamlakatlar qonunchiligi va ilg‘or tajribasini o‘rgangan holda qonunchiligimizni yanada takomillashtirish talab etiladi.

– To‘g‘ri aytasiz, muammolarni o‘rganishdan maqsad ham shu. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda respublikamizning qator viloyatlari va Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi, “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risidagi” va boshqa bir qator Qonunlar va qonun osti xujjatlarning ijro etilishini nazorat-tahlil faoliyati tartibida o‘rganish jarayonida ko‘pgina muammolar aniqlandi. Mamlakatimizda chiqindilarni qayta ishlash sohasida amalga oshiralayotgan ishlarni yanada rivojlantirish lozim. So‘nggi yillarda respublikamizda yiliga ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilarining hosil bo‘lish miqdori 100 mln. tonnani tashkil etadi. Uning 35 mln. tonnasi maishiy chiqindilar bo‘lib, ular shahar va qishloq chiqindixonalarida joylashtirilmoqda. O‘z navbatida o‘rtacha har bir mln. maishiy chiqindi bilan 360 ming tonna oziq-ovqat chiqindilari, 160 ming tonna qog‘oz va karton, 55 ming tonnaga yaqin tekstil, 45 ming tonnaga yaqin plastmassa va boshqa qimmatli komponentlar yo‘qotiladi.

Yana o‘qing:  Gidrofobiya qanday dard?

Shundan, utilizatsiya qilinadigan chiqindilar 2 foizni tashkil etadi, qolgan qismi chiqindixonalarda korxonalar hududida va uncha ko‘p bo‘lmagan qismi qattiq maishiy chiqindilar poligonlarida (chiqindixonalarda) joylashtiriladi.

Shuni qayd etish lozimki, hozirga qadar yirik shahar va tumanlarda ixtisoslashtirilgan maxsus chiqindixonalar qurilishi va joylashtirilishi masalalari to‘la hal etilmagan. Maishiy chiqindilarni turlarga ajratib yig‘ish va qayta ishlash deyarli tashkil qilinmagan.

– Rivojlangan mamlakatlarda qattiq maishiy chiqindilarga bo‘lgan munosabat tahlillari shuni ko‘rsatadiki, mazkur sohada qattiq maishiy chiqindilarni ko‘mish poligonlarining kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda va chiqindilarning ko‘p qismi ikkilamchi xom ashyo sifatida qayta ishlash sanoati uchun foydalanilmoqda.

Demak, jahon tajribasi ko‘rsatganidek, chiqindilarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish orqali ishlab chiqarishning yangi tarmog‘ini rivojlantirish, muammoni hal etishning eng muqobil yo‘llaridan biri hisoblanadi.

– Ha, bugungi kunda mamlakatimizda chiqindilarni utilizatsiya qiladigan va qayta ishlaydigan korxonalar barmoq bilan sanarli. Chunki, bu sohani rivojlantirish uchun ishlab chiqarishga kamchiqimli texnologiyalarni olib kirish, chiqindilarni utilizatsiya qiladigan va qayta ishlaydigan korxonalarni tashkil etish va bu korxonalarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar talabga javob bermaydi.

– Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonunini takomillashtirish ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, chiqindilarning yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulkiga ham zararli ta’sirining oldini olishni ko‘zda tutadigan qonun normasi va chiqindilarni turlarga ajratish hamda ayrim, ya’ni biologik va tibbiy chiqindilarni yo‘q qilish tartibini qonuniy belgilash ham nazarda tutilmoqda.

Chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish ob’yektlari — maxsus jihozlangan ob’yektlar, chiqindilarni joylashtirish ob’yektlari, chiqindilarni saqlash hamda ko‘mib tashlash uchun maxsus ajratilgan va jihozlangan inshootlar yoki inshootlar majmui to‘g‘risidagi-tarifni belgilash ham e’tiborga olinayapti.

Chiqindilarni qayta ishlash maqsadi – chiqindilarni nafaqat ekologik jihatdan bexatar saqlash, tashish, utilizatsiya qilish maqsadida ularning fizik, kimyoviy yoki biologik xususiyatlarini o‘zgartirish bilan bog‘liq texnologik operatsiyalarni amalga oshirish, balki chiqindilarning zararli ta’sirini cheklash yoki zararsizlantirish ekanligi ham qayd qilib, bu tushunchaga ham aniqlik kiritilyapti.

– O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi vakolatlarini kengaytirish masalasiga ham e’tibor berilyaptimi?

Yana o‘qing:  Minnatdorlik maktubi

– Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida tibbiy va biologik chiqindilarni yo‘q qilish va ko‘mib tashlash ishlari olib borilsada, u qonuniy mustahkamlanmagan. Shuning uchun qonun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan, tibbiy va biologik hamda yuqumlilik xususiyatiga ega xavfli chiqindilarni yo‘q qilish yoki ko‘mib tashlash bo‘yicha normativ hujjatlar ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash to‘g‘risidagi norma bilan to‘ldirilyapti…

– Tibbiy va biologik chiqindilarning holati ustidan monitoring olib borish ham qonuniy mustahkamlanayotganligi ayni muddao bo‘libdi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining maishiy chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish borasidagi mas’uliyatini oshirish hamda bu yo‘nalishdagi faoliyatlarni yanada rivojlantirish sohasidagi vakolatlari aniq belgilanayaptimi?

– Albatta, chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbaini belgilash, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarning ijrosini ta’minlash, maishiy chiqindilarning hosil bo‘lishi, ularni to‘plash, turlarga ajratish, saqlash, tashish, ko‘mib tashlash, qayta ishlash, utilizatsiya va realizatsiya qilish holati bo‘yicha monitoringni amalga oshirish va ularni qayta ishlaydigan korxonalar tashkil etilishiga ko‘maklashish borasidagi vazifalar bilan kengaytirilmoqda.

– “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi vakolatlarini kengaytirish ham nazarda tutilyapti. Shuningdek, ushbu soha bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga imtiyozlar berish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Albatta, chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshiruvchi subyektlarning ishini yengillashtirish va mazkur sohaning rivojlanishiga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida sohadagi faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga soliq, kredit va boshqa imtiyozlar berishni nazarda tutuvchi, rag‘batlantiruvchi norma bilan to‘ldirish ham nazarda tutilyapti.

– Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda fuqarolar va mansabdor shaxslarning masu’liyatini oshirishni nazarda tutuvchi huquqiy normalar ham e’tibor berilyaptimi?

– Albatta, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasini ishlab chiqish ishlari boshlangan.

– Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida qaysi xorijiy davlatlarning qonunlari o‘rganildi?

– Rossiya Federatsiyasi, Belarusiya kabi davlatlarning chiqindilar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlari o‘rganib chiqildi. Bundan tashqari, ilg‘or xorijiy davlatlar – AQSH, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa mamlakatlarning ushbu sohadagi qonunchiligi o‘rganildi va o‘rganilmoqda…

Yana o‘qing:  Ilmga baxshida umr

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

 

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: