Bunyodkorlik hissi talabalar yuragida jo‘sh uradi

Tunda to‘lin oy ila sirlashib, kunduzlari quyosh nurida yarqirab turgan osmono‘par binolar peshtoqiga boqib ko‘zing quvnaydi. Beixtiyor, ushbu binolar me’moriga tasannolar aytging keladi. Kundan-kunga chiroy ochib, yurt ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgan afsona va ertaklar shahri atalmish ko‘hna va qadimiy Samarqandni ko‘rib ko‘ksingiz faxrga to‘ladi.

Ayni paytda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida uch mingdan ziyod yoshlar ana shunday bunyodkorlik an’analarini davom ettirish istagida ta’lim olmoqda. Ularga to‘rt yuz nafarga yaqin malakali professor-o‘qituvchilar sidqidildan bilim berishayotir. Mazkur ilm dargohida zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida olib borilayotgan darslar talaba-yoshlarning arxitektura va qurilish sohasida yetuk mutaxassis bo‘lishlariga xizmat qilishi shubhasiz. Kompyuterlashtirilgan o‘quv xonalari, elektron yozuv taxtalari bilan jihozlangan auditoriyalarda bilim va ko‘nikmalarini oshirayotgan talabalar institutning elektron kutubxonasida ARMAT – avtomatlashtirilgan elektron kutubxona tizimi hamda ZiyoNet tarmog‘idan foydalanishadi. Ilm dargohi professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, monografiya, uslubiy ko‘rsatmalar, yo‘riqnomalar, ilmiy maqolalar, nomzodlik dissertatsiyalarining elektron nusxasi maxsus fayl serveriga o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida institut professor-o‘qituvchilarining zamonaviy-pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib, o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etishlari, kasbiy faoliyatida chet tillarni qo‘llashlarini ta’minlash maqsadida “Axborot texnologiyalari” va “Chet tillarni o‘rganish” o‘quv kurslari tashkil etilgan. Ushbu saboqlar alohida dars jadvallari asosida olib borilmoqda.

Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish borasida Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida bir qator ibratli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, “Oliy ta’lim fan va ishlab chiqarish o‘rtasida innovatsion korporativ hamkorlikni yo‘lga qo‘yish” bo‘yicha fakultetlar qoshidagi 22 ta kafedrada jami 43 ta innovatsion guruh faoliyat olib bormoqda. Qurilish, arxitektura, ekologiya, suv va gaz ta’minoti, geodeziya, kadastr va boshqa bir qator korxonalar bilan institut orasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda mavjud 20 dan ortiq korxonalar bilan xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilib, 35 million so‘m mablag‘ tushumlari amalga oshirildi.

Birgina bu emas, Samarqand shahrining qurilish ishlariga institut professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan ko‘plab loyiha va badiiy bezak ishlari jalb etilgan. Institutda 2012-2014 yillarga mo‘ljallangan TEMPUS dasturi asosida 894 ming yevro miqdorida “Suv resurslarini boshqarish muhandisligi bo‘yicha magistr tayyorlash” mavzusida Kaunass texnologiya universiteti (Litva), Varshava universiteti (Polsha) hamda O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat Texnika universiteti bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu yerda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun 6 ta ilmiy tadqiqot laboratoriyalari tashkil etilgan. Ilmiy laboratoriyada imoratsozlikning O‘zbekiston sharoitidagi armaturabop metallar, temir beton qobiqlari va fazoviy qurilmalar, bino va inshootlar qurilmalari hamda qismlarini sinovdan o‘tkazish, ekologiya, suv resurslaridan oqilona foydalanish, oqava suvlarni tozalash usullarini ixtiro qilish, zamin va poydevorlar muammolarini hal etish borasidagi ishlar amalga oshiriladi. Shuningdek, chiqindilardan yangi zamonaviy qurilish materiallarini yaratish, bino va inshootlarni texnik holatini aniqlash maqsadida yangi geodezik usullarni yaratish, metrologik va standartlash ishlari, imoratlarni siljitish, ko‘tarib to‘g‘rilash singari yuqori aniqlikdagi ilmiy-muhandislik ishlari bajariladi. Samarqand viloyati hamda unga qo‘shni viloyatlar qurilishi ehtiyojidan kelib chiqib bino va inshootlar qurilmalari, hamda qismlarini sinovdan o‘tkazish mintaqaviy markazi, ilmiy-muhandislik majmuasi tashkil etilgan. Bu ilmiy markazlar davlat sertifikatlariga ega. Shuningdek, respublikada yagona sanalgan seysmik mintaqalarda noyob binolar va inshootlar qurilishi sohasi bo‘yicha xalqaro maqomdagi ilmiy laboratoriya tashkil qilingan. Laboratoriya mudiri professor S.Razzoqov rahbarligida seysmik mintaqalar uchun birinchi bor katta oraliqli binolarni yopish muammosi bo‘yicha xalqaro maqomdagi 4 ta me’yoriy hujjat ishlab chiqilmoqda.

Yana o‘qing:  EL E’ZOZIDAGI ShIFOKORLAR

O‘zbekistonda me’moriy yodgorliklarni tadqiq etishning dolzarb muammolari va landshaft arxitekturasi bo‘yicha ilmiy maktab yaratilgan. Ilmiy maktab yo‘nalishida hozirda Samarqand oliy me’morchilik maktabining shakllanish yo‘llari, ushbu shahar hududini landshaft yechimlarini ishlab chiqish muammolari, shahar tarixiy devorlari va darvozalarini tadqiq etish masalalarida ilmiy tadqiqotlar olib borilib tavsiyalar ishlab chiqilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.

Ilm maskanida tahsil olayotgan talabalar ustozlari boshchiligida ko‘plab muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishmoqda. Jumladan, “Arxitektura” ta’lim yo‘nalishi 502-guruh talabasi Anvar Safarov, “Qishloq qurilishini loyihalashtirish” ta’lim yo‘nalishi 401-guruh talabasi Aziza Yusupova Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan.

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan respublika fan olimpiadasida institutning 14 nafar iqtidorli talabalari ishtirok etib, “Qurilish materiallari va konstruksiyalari” umumkasbiy fanidan Alijon Qurbonov I o‘rinni, “Arxitektura” mutaxassislik fanidan Bekzod Shoymardonov II o‘rinni, “Issiqlik, gaz ta’minoti va ventilyasiya tizimlari” mutaxassislik fanidan Bahriddin Pardayev III o‘rinni egalladi.

Yoshlarning sport sohasida erishayotgan yutuqlari ham zalvorli. “Universiada-2013” sport musobaqalarining final bosqichida Xurshid Nabiyev dzyudo bo‘yicha faxrli I o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Kamol Xolmatov kurash bo‘yicha faxrli III o‘ringa sazovor bo‘ldi. Joriy yilda oliy ta’lim muassasalari xotin-qizlari o‘rtasida o‘tkazilgan sport musobaqalarida qatnashgan Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti jamoasi faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Oliy o‘quv yurtining qo‘l to‘pi jamoasi besh marotaba O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgani ham quvonarli holdir. Institut jamoasi O‘zbekiston mustaqilligi kubogining 5 karra sohibi bo‘lgan. Shuningdek, Gongkongda o‘tkazilgan 8-Osiyo chempionlar ligasining bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Institutning Olimjon Yegemsaparov, G‘ayrat O‘roqov, Akromjon Otajonov, Aziz Boltayev kabi sakkiz nafar sportchilari O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkibida, Matlab Ibragimov, Ravshan Murtazoqulovlar esa O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi o‘yinchilaridir. Bundan tashqari ilm dargohining professor-o‘qituvchilari viloyat bo‘yicha o‘tkazilgan sport musobaqalarida qatnashib, xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida faxrli uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, velosport musobaqasida “Jismoniy tarbiya” kafedrasi dotsenti U. Qosimov faxrli birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Yaqinda institut tomonidan “Jismoniy tarbiya” kafedrasi va talabalar turar joyiga sport anjomlari olib berilgani ham talabalar va ularning ustozlari sog‘lig‘ini mustahkamlash borasida qo‘yilgan yana bir muhim qadamdir.

Yana o‘qing:  Sulola

Institutda viloyat kasaba uyushmasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” YOIH viloyat bo‘limi, hamda shahar “Nuroniy” jamg‘armasi, viloyat xuquq-targ‘ibot organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar talaba-yoshlarning g‘oyaviy-mafkuraviy immunitetini shakllantirish va diniy ekstremizm, terrorizmga qarshi kurashga bag‘ishlangan bilim-ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Toshkent Arxitektura-qurilish instituti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “O‘zbekistonda shaharsozlik va lindshaft arxitekturasini rivojlantirishning dolzarb muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi, bir qator seminar-treninglarni tashkillashtirgan talaba-yoshlar ustozlari boshchiligida hamisha izlanishda. Baxtiyor Shomurodov, Rauf Zoirov, Mansur Eshmatov kabi malakali ustozlar shogirdlarining ilmiy-tadqiqot ishlarida hamisha bosh-qosh bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Bu yerda tashkil etilgan “Yosh posbonlar”, “Yosh intellekt” klublari hamisha talabalar bilan gavjum. Shu bois ham tashabbuskor talaba-yoshlar safi kundan-kunga kengayib bormoqda.

Institut ma’muriyati professor-o‘qituvchilar va talabalarni ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor berib kelmoqda. 2013 yil davomida ularga uch yarim million so‘mga yaqin moddiy yordam berilib, bayram va tadbirlarda esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, Samarqand shahar hokimiyatining ko‘magi bilan talabalarni darslarga o‘z vaqtida yetib kelishlari uchun tashkil etilgan yo‘nalishli avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani yana bir qulaylikdir.

Ilm maskanida “Salomatlik markazi” va yozgi dam olish maskani faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur dargohda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor berilgan. Ayni qish fasli bo‘lsada to‘rt mingdan ortiq gul ko‘chatlari hamda ming tupga yaqin mevali, manzarali daraxtlar parvarishi risoladagidek.

Ayni paytda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti nafaqat viloyatda, balki respublika oliy o‘quv dargohlari orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Bu yerda tahsil olayotgan talaba-yoshlar va ularning ustozlari arxitektura va qurilish sohasida tinimsiz izlanishlar olib bormoqda. Institut jamoasining sa’y-harakati va qo‘llab-quvvatlashi bois bugun dunyo miqyosida ko‘plab muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritayotgan yoshlar orasida samarqandlik talabalarning ham munosib o‘rni bor. Mirzo Ulug‘bekdek buyuk bobomiz nomi berilgan ilm dargohida tahsil olayotgan talabalar va ularning ustozlari yangi-yangi marralarni zabt etish uchun samarali mehnat qilishiga tilakdoshmiz.

Faxriddin NURMUHAMMEDOV,

Samarqand viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: