Bolangiz bilan kutubxonaga borganmisiz?

Farzandingizni oxirgi marta qachon kutubxonaga olib bordingiz? Afsuski, bu savolga javob hamisha ham ijobiy emas. Kichkintoylarga kitobni majburlab o‘qitish mumkin emas. Takror-takror “Kitob o‘qish kerak” degan bilan bola kitobxon bo‘lib qolmaydi.

Farzandlarimiz qalbida mutolaaga mehr uyg‘otish uchun ularni kutubxonalarga yetaklab borib, kitob olib berishimiz va shu tariqa kitoblar bilan doimiy tarzda muloqotda bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirish lozim.

Taqdir taqozosi bilan dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri – AQSHda bo‘lib, ushbu mamlakatdagi kutubxonalar bilan yaqindan tanishdim. Jamoat kutubxonalarida kitobxonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib, keyingi paytlarda mamlakatimiz Prezidenti alohida e’tibor berayotgan mahalla kutubxonalarini ana shunday yo‘nalishda rivojlantirish zarurligini his qildim.

Yodimda, Vashingtonga endigina borganimizda, farzandimni yangi sharoit, yangi maktab, yangi do‘stlarga ko‘nikish jarayonini oson o‘tkazishi uchun kutubxonachidan shu mavzuga doir biror kitob tavsiya qilishini so‘raganimda ziyo maskani xodimi menga yuzlab kitoblarni ko‘rsatdi.

Ushbu mamlakatdagi kutubxonalarning kitob zahirasi juda boy va mavzular bo‘yicha keng ko‘lamli. Bittagina kichkintoylar bo‘limini oladigan bo‘lsak, bolalarning yoshiga, qiziqishiga mos tarzda javonlar tashkil etilgan. Masalan, bir javonda uch yoshgacha bo‘lgan bolalarga atalgan kitoblar joylashtirilgan bo‘lsa, ikkinchisida endi o‘qishni o‘rganayotganlarga, yana birida esa o‘zi mustaqil mutolaa bilan shug‘ullana oladigan bolalar uchun kitoblar qo‘yilgan. Yana bir jihati, ushbu kutubxonalardan uyga 50 tagacha kitob, 20 tagacha audio yoki video materiallarni olib ketishingiz mumkin. Ta’lim sohasida faoliyat yurituvchilar uchun esa imtiyoz berilgan bo‘lib, soha vakillari 100 tagacha kitob olib ketish imkoniga ega. Shuningdek, kutubxonalarning onlayn xizmati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, kitoblar 21 kunga beriladi. Agar ko‘proq ushlab turishni istasangiz, uyda o‘tirgan holda kutubxona saytiga kirib, muddatini yana 21 kunga 10 martagacha uzaytirishingiz mumkin. Ziyo maskani xodimlari tomonidan kitobni topshirish sanasi yaqinlashganida avtomatik tarzda elektron pochtaga eslatma xabari yuboriladi.

Shu o‘rinda aytish joizki, kutubxonalarda internet xizmatlaridan bepul foydalanishingiz mumkin. Shuningdek, ziyo maskanlarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, kichkintoylarga mo‘ljallangan tadbirlar e’tiborga molik. Bularni mutolaa madaniyatining amaliyoti deyish mumkin. Masalan, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun “Ertaklar olami” soati tashkil etilsa, haftaning yana bir kunida 2 yoshdan 4 yoshgacha, navbatdagi kunda esa 4-6 yoshli bolalar uchun tadbirlar tashkillashtiriladi. Kutubxona xodimlari bolalarga turli o‘yinchoqlar yordamida ertaklar aytib beradilar, ular bilan birgalikda qo‘shiq kuylaydilar, raqsga ham tushadilar.

Yana o‘qing:  Sirdosh qalamlar

Kutubxonaga kelgan jajji kitobxon mutolaadan charchaganida o‘yinchoqlar o‘ynab biroz dam olishi, so‘ngra yana mutolaani davom ettirishi mumkin. Umuman kutubxonaga kelgan bola hech qachon zerikib qolmaydi. Buning uchun kichkina uylar ham bezatilgan. Shuningdek, bu yerda qiziquvchilar uchun to‘qish mashg‘uloti, kompyuter savodxonligi darsi, “Keling, jahon madaniyati bilan tanishamiz”, “Yozishni o‘rganamiz”, “Jajji olim va olimalar”, “Oilaviy mutolaa soati”, “Shaxmat o‘ynaymiz” kabi mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Mashg‘ulotlarning kunlari belgilangan. “Oilaviy mutolaa” soatida esa to‘garaklarga muntazam kelgan jajji kitobxonlarga o‘ziga mos sovg‘alar berilib, rag‘batlantiriladi.

Jamoat kutubxonalari aholiga eng yaqin ziyo maskanlaridir. Chunki har bir tumanda bir necha jamoat kutubxonasi mavjud bo‘lib, mamlakat bo‘yicha 16 mingdan ziyod ana shu yo‘nalishdagi ma’rifatxonalar mavjud. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, jamoat kutubxonasi deganda davlat byudjeti tomonidan moddiy ta’minlanadigan va barcha uchun ochiq bo‘lgan kutubxonalar tushuniladi. Undan tashqari, mamlakatda maktab kutubxonalari, akademik kutubxonalar, davlat hamda turli nodavlat idora va tashkilotlarning ziyo maskanlari mavjud bo‘lib, jami mamlakatda 119 mingdan ziyod kutubxona faoliyat yuritadi.

Ayni kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan kitob mutolaasiga alohida e’tibor berilyapti. Har bir mahallada kutubxonalar tashkil etilyapti. Kelajakda bu mahalla ahliga eng qulay ziyo maskani bo‘lishi, shubhasiz.

Bizning kutubxonalarda kattalarga, maktab o‘quvchilariga turli tadbirlar bisyor. Biroq, maktabgacha bo‘lgan bolalarga atalgan qiziqarli loyihalar juda kam. Zero, mutolaa madaniyati ko‘nikmasini yoshlikdan shakllantirib borish darkor. Ana shunda bola maktabdagi o‘qishga tez ko‘nikadi.

 

Oydin SA’DULLAYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: