Bolalikning betakror damlari

maktabgacha ta`lim muassasasida kechadi

Sehrli kemacha

– Azizbek, kel o'g'lim yoqangni to'g'rilab qo'yaman.

– O'zim to'g'rilayman, axir katta bolaman-ku, oyijon, tarbiyachi opamiz bizga shunday deydi, – ta'kidlaydi Azizbek o'zi tarbiyalanayotgan 52-«Sehrli kemacha» nomli mak­tabgacha ta'lim muassasasiga yo'l olar ekan.

Onaning yuzlariga tabassum yoyilib, ko'nglidagi «tarbiyachi opang omon bo'lsin», degan tilak tiliga ko'chib, mamnunlik bilan sekin bosh irg'ab qo'ydi.

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 52-«Sehrli kemacha» nomli mak­tab­gacha ta'lim muas­sasasida ayni vaqtda 12 ta guruh faoliyat ko'rsatib, 250 nafarga yaqin bolajonlar tarbiyalanadi. Bu yerda «Ingliz tili, «Rus tili», «Tasviriy san'at», «Musiqa», «Mohir qo'llar» kabi bir qator to'garaklar mavjud. Barcha qulayliklarga ega bo'lgan sport zali, futbol maydonchasi va 2 ta cho'milish havzasi bolajonlar ixtiyorida. Shu bois ham muassasa tar­biyalanuv­chi­lari «Sog'lomjon-pol­vonjon» sport musobaqalarining tuman bosqichida ikkinchi o'rinni egallashdi. Ular yana yangi muso­baqalarga qizg'in hozirlik ko'rishmoqda.

farangizning ikkinchi uyi

– Har kuni tarbiyachi opamiz bizni quchoq ochib kutib oladi. Hamshira opamiz tozaligimizni tekshiradi. Bu yerda mazza qilib oshpaz opamiz pishirgan taomlarni tanavvul qilib, shirin mevali sharbatlarni ichamiz. Do'stlarim Muxlisa, Charos, Farruhlar bilan birga rasm chizamiz. Bu yerda qo'shiqlar aytib, milliy raqslar ham o'rgana­miz, – deydi 4 yoshli Farangiz Akromxo'jayeva.

qo'ziqorinlar do'stligi

– Qalpog'ini boshiga bostirib olgan qo'ziqorinni yaxshi bilamiz. Ular ham bir-biri bilan do'stlashar ekan. Qo'ziqorinlar yomg'irdan so'ng quyoshni sevib, sevinib yer yuziga unib chiqishini tarbiyachi opamizning aytgan ertagidan bilib olganmiz. Shuning uchun ham rangli qog'ozlardan qirqib olib, ularning do'stligini aks ettirish bizga zavq bag'ishlaydi. Samandar, Muhammad-said, Sardor va men yasagan qo'ziqorinlar birinchilikni oldi, – deydi muassasa tarbiyalanuvchisi Aziz Baxtiyorov bizga o'zi yasagan qalpoqli do'stlarini ko'rsatib.

mohir qo'llar

Rang-barang ochilgan gullar yonidan aslo beparvo o'tib bo'lmaydi. Gullarga boqqan ko'zlarda quvonch porlaydi. Maktabgacha ta'lim muas­sasasida faoliyat ko'rsatayot­gan «Mohir qo'llar» to'garagida yasagan gulini ko'z-ko'z qilayotgan Diyora Nurullayeva olti yoshni qarshilayotgan ekan. Ulg'ayganimda shifokor bo'laman, – deya orzulayotgan qizaloq bergan savollarimizga burro-burro javob qaytardi. «Mohir qo'llar» to'garagining iqtidorli a'zolari Zuhra Yusupova, Salohiddin Otajo­novlarning yasagan sap-sariq jo'jalari-yu, chapdast yo'lbarslari ham maqtovga loyiq. Endigina uch yoshdan o'tayotgan kichkintoylarning qiziqishlarini ko'rib, balli deymiz.

Яна ўқинг:  УРУҒЛАРНИНГ ШИФОБАХШЛИГИНИ БИЛАСИЗМИ?

kim chaqqon

Bir, ikki, uch, boshladik… Birin-ketin suvga sakragan bolajonlar muassasa hovlisidagi suzish havzasida rohat­lan­moqda. Ayni saratonning jaziramasida cho'milish kichkin­toylarning eng sevimli mashg'ulotiga aylangan. Tarbiyachi opaning nazoratida kichik havzada maroq bilan suzayotgan bolalarni ko'rib havasing ortadi. MTM tarbiyalanuvchisi Hasan Yusupov bolajonlar orasida suzish bo'yicha chaqqon. U biyron tili bilan hammani lol qoldirib, «katta bo'lsam, suzish bo'yicha chempion bo'laman», deydi.

adog'i yo'q savolning ham javobi bor

– Har bir ota-ona, tarbiyachi, murabbiy kim bo'lishidan qat'iy nazar, bolaning adoqsiz savollariga javob berishi zarur. Chunki, kichkintoy o'zini qiziqtirgan tevarak-atrof haqida imkon qadar ko'p narsalarni bilgisi keladi. Agar bunga o'z vaqtida e'tibor berilmasa, uning qiziqishi o'z-o'zidan so'nib, ruhiy tushkunlikka tushadi. Yana bir muhim jihati shuki, kattalarning nazaridan chetda qolayotgan bola boshqalarga fikrini tushuntira olmaydigan, bora-bora mustaqil qaror qabul qilolmaydigan bo'lib qoladi.

Bola asosan 3 yoshidan yozishga harakat qiladi. Demak, uning iqtidorini so'ndirmasdan rivojlantirish lozim. «Sehrli kemacha» nomli maktabgacha ta'lim muassasamizda bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tayyorlov guruhimizdagi tarbiyalanuvchilarga sanoq sonlarni, so'zlardan gaplar tuzishni o'rgatamiz. Ular quvnoq she'rlarni yod olishadi. Muassasamizda har bir bayram o'ziga xos shod-u xurramlik bilan o'tadi. Bolaning qalbi beg'ubor, ana shu beg'uborlikni to'la-to'kis asrashda barchamiz mas'ulmiz, – deydi 33 yildan buyon maskanda tarbiyachi bo'lib ishlab kelayotgan Yoqutxon opa Ismanova.

Mazkur maktabgacha ta'lim muasasasida yangi interfaol usulda ish olib borayotgan Muhabbat Muham­medova, Surayyo Nig'matxojayeva, Gulchehra Dadayeva, Dilorom Xudoynazarova, Go'zal Yuldosheva kabi tarbiyachilar bu borada o'ziga xos maktab yaratishgan.

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 52-«Sehrli kemacha» nomli mak­tab­gacha ta'lim muassasida tarbi­yalanayotgan kichkintoylar bilan suhbatlashib ular o'zlarining «ikkinchi uyi»ni chin dildan ardoqlashlarining guvohi bo'ldik. Bolajonlarning o'z ona tili bilan bir qatorda ingliz, rus tillarini ham o'rganishga ishtiyoqmandligi esa bizni quvontirdi. Maktabgacha ta'lim muassasasi jamoasining sa`y-harakati bois MTM binosi joriy ta'mirlanib, mevali-manzarali daraxtlar hamda rang-barang gullar qo'yniga burkangan maskan har tong bolajonlarni o'z bag'riga chorlaydi.

Jamila HAYDAROVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: