Bobom bosgan izlar

XIX asr. Buxoro. «Po‘sht, po‘sht» Qora Qurbon kelyapti. Qora Qurbon kelyapti «po‘sht» degancha sarboz odamlarni u chetdan bu chetga chiqishga da’vat etardi. Va nihoyat uzoqdan tuya karvoni ko‘rindi. Karvonning oldidagi tuyaning ustida yoshi ulug‘roq kishi bilan 10 — 12 yoshlardagi bir bola bor edi. Chetga chiqib karvon o‘tishini kuzatib turgan odamlar o‘rtasida esa o‘zaro munozara boshlandi.

Bu bola kim ekan? – deb so‘radi bir kishi yonidagilardan.

– Menimcha bu amirning Afg‘onistondagi qarindoshlaridan biri bo‘lsa kerak, – dedi bir yosh yigit.

– Nazarimda bu uzoqdan kelayotgan karvonga o‘xshamaydi, – dedi uning yonidagi yigit va sal narida karvonni kuzatib turgan o‘rta yoshli odamni ko‘rsatib.

– Buni ustadan so‘rash kerak, harqalay bizdan ko‘ra ko‘proq biladi, – deya haligi kishi tomon yurdi. Yaqinlashgach, “usta bu bola kim”, deb so‘radi haligi yigit. Karvon tomon jilmaygancha qarab turgan usta yigitning gapidan cho‘chib tushdi.

– Tuyaning ustida kelayotgan bolani so‘rashyapti, – dedi ustaning yonida turgan kishi.

– Ha, bu bolami? O‘rta cho‘ldan chorvador Muqimboyning o‘g‘li Qurbonboy. Muqimboy amirning yaqin tanishlaridan. O‘g‘li esa otasining savdo karvoni bilan har zamon keladi. Badavlat-da qorako‘l teri mo‘l, – deya yigitga qarab boshini irg‘ab qo‘ydi.

– Shunaqa deng, cho‘ldan ekanda. Bu deyman, boylar boylik orttirish yo‘lida yosh bolasini ham ayamaydi, chog‘imda.

– Yo‘q, aksincha, Muqimboy juda ishbilarmon odam. U qishlog‘ining ko‘pgina odamlarini ish bilan ta’minlab, ularga haq ham berarkan. O‘g‘lining ham ishbilarmon bo‘lishini xohlaydi. Axir shunday qilmasa, «Yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi-da». Boylik ham o‘zidan o‘zi kelmaydi.

Bu hikoyani bolalagimda, ertak misoli eshitardim. Chunki onam otam rahmatli Qurbon Muqimov haqidagi xotiralarni bizlarga kechqurunlari ertak kabi aytib berardi. Men bu voqealarni otam haqida ekanligini hatto bilmasdim, ham. Buni esa yoshim o‘tgach, bildim. Otam esa o‘zi, bobom haqida deyarli gapirmasdi. Onamning aytishicha, otam bir umr qiynalib, atrofga jovdirab, ota-ona, aka-uka, opa-singil, qarindosh-urug‘lar qolaversa, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i bag‘rini sog‘inib o‘tgan ekanlar.

Bir voqea hech yodimdan chiqamaydi. O‘shanda 1976 yil 12 yanvar oyi edi. Men 10-sinfda o‘qir edim. Ertalab maktabga keta turib, odatdagidek anchadan buyon betob yotgan otamning xonasiga kirdim. Meni ko‘rib otam nazarimda nimadir demoqchidek ko‘zlarimga mo‘ltirab qarardi. Ammo hech narsa demadi. Men ham xayron bo‘lib turdim-da hech narsa demagach, xonadan chiqdim. Otam esa o‘sha alfozda ortimdan qarab qoldi. Maktabga keldim, lekin dars davomida otamning holati ko‘z oldimdan sira ketmadi. Nuqul “nega bugun bunday qaradi, nima demoqchi edi, nima uchun o‘zim so‘ray qolmadim”, degan savol qiynardi. Dars tugagach, uyga qarab chopdim. Afsus, qaytib kelgunimcha otam bu dunyodan ko‘z yumgan ekan. Ana o‘sha kundan buyon otamni eslasam birinchi bo‘lib, o‘sha kungi holati ko‘z oldimga kelaveradi. O‘shanda otam rahmatli hoynahoy qatag‘on bo‘lgan otasining nomi oqlanmay qolganligini armon bilan so‘zlab bermoqchi bo‘lgan bo‘lsalar kerak.

Yana o‘qing:  “Navro'z sadolari”ning ohanrabosi

Mustaqilligimiz sharofati bilan Prezidentimiz Islom Karimovning «Mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilinganda oilamiz bilan Toshkentga yangi ko‘chib kelgandik. Xabarni eshitib, yig‘lab yubordim. O‘g‘lim bilan qizim qo‘shni xonadan yugurib kelib, nima bo‘ldi degancha xavotirlanib menga qarardi. Ularga xushxabarni aytgach, sevinib ketishdi. Chunki, farzandlarim ham mendan katta bobosi haqida ko‘pgina qiziqarli voqealarni eshitishgandi. Shunday bo‘lsa-da, otamning otasining aslida kim bo‘lganligini, u kishining oilasiga nima bo‘lganini, nega bedarak ketganligini bilmasdik.

Men ham yuzlab vatandoshlarimiz qatori bobom xotirasini abadiylashtirish maqsadida «Shahidlar xotirasi» xayriya jamg‘armasiga ariza bilan murojaat qildim. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach esa qo‘limga bobom Muqim Rahmonov haqidagi ma’lumotnomani olishga muvaffaq bo‘ldim. Unda shunday yozilgandi:

«Rahmonov Muqim el-yurt o‘rtasida Muqim cho‘loq nomi ostida mashhur bo‘lgan. U 1931 yil 10 iyun kuni qamoqqa olingan. Bu vaqtda u 49 yoshda bo‘lgan. Samarqand viloyati Narpay tumani (hozirda Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga qarashli) Maydayobu qishlog‘ida yashagan. Oilasi Buxor Bekbo‘tayeva, ukasi To‘xtamurod, Qurbon, Narzulla ismli 7 farzandidan iborat bo‘lgan. Rahmonov Muqim qishloqning obro‘li va badavlat kishilaridan bo‘lgan…

«Shahidlar xotirasi» xayriya jamg‘armasi».

Ko‘zim yana yoshga to‘ldi. Chunki, men ariza bergach, kunlarni juda hayajonda o‘tkazgandim.

Bobom xotirasini abadiylashtirish, qolaversa, otamning armonlarini ushaltirish maqsadida bobom yashab o‘tgan Qashqadryo viloyatining Koson tumaniga yo‘l oldim. Bolaligimda ko‘p borib turadigan Koson tumanidagi Maydayobu qishlog‘i men uchun juda aziz edi. Chunki, bu yerda otamning barcha qarindosh-urug‘lari yashashardi. Ular bizlarni har gal juda iliq, gohida yig‘lab kutib olishardi. Sababi jigarining hayoti ularni doimo tashvishlantirib turardi. Ularga ham bu xushxabarni yetkazganimda hursandchiliklari butun qishloqni to‘ldirib yubordi. Shu xabardan keyingina ular yurak yutib, bobomni bilgan nuroniylarning uylariga olib borishdi. Biz juda ko‘plab insonlarning xonadonlarida bo‘ldik. Shulardan biri Ali bobo Rahmatov o‘tgan asrning 40-yillaridan 60-yillarigacha shu xo‘jalikka rahbarlik qilgan, xo‘jalikning oyoqqa turishiga anchagina hissa qo‘shgan insonlardan bo‘lib, hozirda 90 yoshga kirgan, farzandlarini barchasini o‘qitgan piri-badavlat ziyoli kishi edi. U inson gapni boshlaguncha har doimdigidek men yana hayajonda turdim. Ali buva: – O‘h-ho‘, Muqimboy cho‘lni titratgan, yurakli elparvar odam edi — deya gapni boshlagach, men o‘zimni tutib olib «Xudoga shukur» deb qo‘ydim.

Yana o‘qing:  Bilasizmi? (2013-18)

Bu inson bilan uzoq suhbatlashdik va bobom haqida ko‘p iliq gaplarni eshitdim. So‘ngra bobomni ko‘rgan bilgan kishilardan biri Sulton bobo Safarovnikiga keldik.

Sulton bobo 1911 yilda tug‘ilgan bo‘lib, u kishi ham 90 yoshga kirgan ekan. Buni qarangki, biz kirib kelganda u kishi kitob o‘qib o‘tirgan ekan. Baquvvat, gavdali, keng yelkali, istarasi issiq bu kishining 90 yoshga kirsada yuz-ko‘zidan, gaplaridan hali ruhi ancha tetikligi ko‘rinib turardi. Maqsadimizni bilgan Sulton bobo bobom haqida to‘lib-toshib gapirib berdi.

– Muqimboy Rahmon juda yaxshi inson o‘tgan. U kishi avval kichkina, so‘ngra katta machit qurdirib, Buxorodan, Samarqanddan domlalar olib kelib, bolalarning savodini chiqargan. Men ham shu machitda o‘qiganman.

Biz uylariga tashrif buyurganimizda Sog‘uniyning «Tarixi Muhammadiy» asarini o‘qib turgan Sulton boboning kitob javoni anchayin qimmatbaho kitoblarga boy ekaniga guvoh bo‘ldik. Shunday qilib, purma’no bu kishidan bobom haqida bir dunyo ma’lumotlarga ega bo‘ldim.

Xullas, Maydayobudan cheksiz quvonch bilan qaytdim. Men bobomning va otamning xotiralarini abadiylashtirishga to‘la muvaffaq bo‘lgandim. Otamning pok ruhlari shod bo‘lganidan mamnun edim. Endilikda barchamiz otam va bobom chindan-da elparvar, haqiqiy yurt o‘g‘loni bo‘lganiga ishonchimiz komil edi. Biz munosib ajdodlarning avlodi ekanimizdan va keyingi avlod ham shu insonlarning zurriyodi ekanidan ko‘nglim xotirjam edi.

Oyjamol MUQIMOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: