Beshik yonidagi mutolaa

Bir yig‘inda yoshi yetmishlarda bo‘lgan onaxon shunday deb qoldi: “Kelin tanlayotganda uning bilim darajasi, ma’naviyatiga qarab, oilasi haqida surishtirib, o‘zini ham sinab olish kerak ekan. Men “o‘g‘lim yaxshi ko‘rib qolibdi”, deb kelin qilganman, kitob u yoqda tursin, bironta gazeta ham o‘qimaydi.

Kitob, gazeta, jurnallarni yashirib qo‘yaman. Kelinim tutantiriq qilib yoqib yuboradi”. Bu gaplarni eshitib yoqa ushlaysan. O‘sha kelin ota-onasining uyida kitob o‘qimabdi, qiziqmabdi. Hech qursa, qaynonasidan o‘rnak olsa bo‘lmasmidi?!

Qishloqda Bo‘ston momo degan yoshi saksondan oshgan onaxon bor. U kishi o‘n nafar o‘g‘il-qizni voyaga yetkazgan. O‘sha ayolning beshigi yonida doim kitob turarkan. Bolasini emizayotganda ham, beshikni tebratayotganda ham kitob o‘qir, sevimli shoirlarining she’rlarini allaga o‘xshatib aytar, uning ohangiga bolasi ham uxlab qolar ekan. Hozir Bo‘ston momoning farzandlari ulg‘ayib, bolali, nevarali bo‘lib ketishgan. Ular turli sohada mehnat qilishsa-da, lekin adabiyotni, mutolaani sevishadi.

Aytishlaricha, gruzinlar qizlarining sepiga “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” kitobini solishar ekan. Qanchalik ibratli ish.

Bir paytlar otalar turmushga chiqqan qizlarini ko‘rarga borsa, bitta tikish mashinasi olib borardi. Hozir esa hech bo‘lmaganda garnitur sovg‘a qilinyapti. Mayli. Orzu-havas. Meni o‘ylantirgan narsa – kelajagimiz egasi bo‘lmish – bolalar ma’naviyati. Bola qachon ma’naviyatli bo‘ladi? Ota-onasi ma’naviyatli bo‘lsa, kitobsevar oilada ulg‘aysa. Oliy o‘quv yurtida o‘qisa-yu, badiiy kitob mutolaasiga berilmasa, garnituri bo‘lsa-yu, tokchasida kitobi bo‘lmasa – bu ona hech qachon farzandini har tomonlama mukammal inson qilib tarbiyalay olmaydi.

Bizda ham qizlarimizning sepiga gruzinlarning udumi singari xalqimizning sevimli kitoblari “Alpomish”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “O‘tkan kunlar” yoki boshqa tarbiyaviy ahamiyatga molik kitoblardan sovg‘a qilinsa, qanday yaxshi bo‘lardi. O‘shanda ota-onasi sovg‘a qilgan kitoblarni qizi ardoqlab o‘qiydi, farzandlariga ham o‘qib beradi. O‘sha yetmishga kirgan momoning keliniga o‘xshab kitob yoki gazetalarni olov yoqish uchun tutantiriq qilmaydi.

Nodira ZOIROVA

Яна ўқинг:  ФАРЗАНДИМГА

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: