Baxtli mamlakatning baxtiyor farzandlari

Biz jurnalistlar yangilikning sehrli tabassumiga o‘ch bo‘lamiz. Bahоrning ilk chechaklarini ko‘ziga surgan bobo-yu momolarimizdek sir va sehrga to‘la yangiliklarga intilamiz.

Ana shunday xushxabarlardan biri Birlashgan Millatlar Tashkiloti buyurtmasiga asosan tayyorlangan dunyoning 158 ta davlati o‘rin olgan World Happiness Report – 2016 hisobotida O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida “Eng baxtli davlat” deb topildi. Albatta, bu yangilik har bir yurtdoshimizning qalbini faxr tuyg‘ulariga to‘ldiradi.

Ana shu baxtiyorlikni Toshkent Farmatsevtika instituti yoshlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Kelajakda yurt ishiga kamarbasta bo‘lishga intilayotgan zamonamiz qahramonlari o‘zlarining namunali xulqi, yaxshi o‘qishi, jamoat ishlaridagi faolligi, jonkuyarligi bilan ajralib turishadi. Ana shunday intiluvchan yoshlardan biri sanoat farmatsiyasi fakultetining 4-bosqich talabasi Nozima Nusratovadir.

Institut ilmiy kengashi har yili talabalar o‘rtasida ilmiy ishlar bo‘yicha tanlov o‘tkazadi. Bu yilgi bellashuv “XXI asr – intellektual yosh avlod asri” nomi bilan bo‘lib o‘tdi. Nargiza ushbu konferensiyada “Tibet qizil barbarisi substansiyasining texnologik xususiyatlarini o‘rganish” nomli ma’ruzasi bilan qatnashib, faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi va Mannon Azizov nomidagi stipendiya g‘olibi bo‘ldi.

Dugonasiga havas qilgan Shahodat Fayzullayeva ham ushbu konferensiyada “Depressiyaga qarshi tritsiklik antidepressantlar kimyo texnologik xossalari” mavzusida ma’ruza qilib, “Eng yaxshi ko‘rsatkichga ega talaba” sertifikatini qo‘lga kiritdi. U institutning kasbiy ta’lim yo‘nalishining magistiratura bosqichida o‘qiydi. Oliygohning “Kamolot” YOIH a’zosi, o‘qishi namunali, jamoat ishlarida faol qatnashadi. Shuning uchun Shahodat “Biz buyuk mamlakat farzandlarimiz” festivali g‘olibligini ham qo‘lga kiritgan.

– Oliygohimizda 1 ming 700 nafar talaba tahsil oladi. Ularning orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lish oson emas, – deydi institutning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Rustam To‘laganov. – Institut ma’muriyati ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor beradi. Har yili bilim yurti tomonidan o‘n nafar talabaga Mannon Azizov nomidagi stipendiya tanlov asosida ajratiladi.

Ko‘kka oy, quyosh, yulduz chiroy baxsh etganidek, yurt jamoliga qalbi oftobdek saxovatli, oydin yo‘llarni tanlagan, yulduzlardek yonib, yorug‘lik baxshida etayotgan fidoyi yoshlar munosib hissa qo‘sha oladi. Dunyo tan olayotgan jonajon yurtimizning gullab-yashnashi ana shunday ijodkor, izlanuvchan, tashabbuskor yoshlarimizning sa’y-harakati samarasidir.

Яна ўқинг:  Баҳор тимсоли – Аёл,Аёл – мисоли баҳор!

Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida “Sog‘lom bola, sog‘lom avlod orzusi ajdodlarimizdan bizga o‘tib kelayotgan, qon-qonimizga singib ketgan azaliy intilishdir. Agar ota-bobolarimizning turmush va tafakkur tarziga nazar solsak, ular insonning nasl-nasabiga, yetti pushtining tozaligi, avlodning sog‘ligiga juda katta e’tibor berganini ko‘ramiz. Sog‘lom bola sog‘lom va ahil oilaning mevasi bo‘lib, faqatgina sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘iladi” degan edi. Darhaqiqat, ona sog‘lom bo‘lsagina undan sog‘lom farzandlar dunyoga keladi. Avlodlar salomatligi esa yurt taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi.

– Bugun mamlakatimizda biz yoshlarning ta’lim olishimiz, o‘z iqtidorimizni to‘la namoyon etishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shu ma’noda olib qaraganda o‘zim tahsil olayotgan Toshkent Farmatsevtika institutida ham sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishimiz uchun imkoniyatlar bisyor, – deydi talaba Shahodat Fayzullayeva. – Eng asosiysi, bu yuksak e’tiborga “labbay”, deya javob berishimiz, o‘z bilim va salohiyatimiz bilan ona Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shishimiz zarur.

 

Javlon SA’DULLAYEV

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: