BARCHINOYDAN MEROS SHIJOAT

Vatanimiz O'zbekistonda iqtidorli va iste'dodli yoshlar talaygina. San'at, ilm-fan kabi turli yo'nalishlarda o'tkaziladigan ko'rik-tanlovlarda g'olib bo'lgan ko'plab iste'dod egalari shular jumlasidandir. Jahon, Osiyo chempionatlari, Olimpiya o'yinlari va qator musobaqalarda ona Vatanimiz bayrog'ining baland ko'tarilishi, sport olamida ham o'z o'rnimiz va mavqeimiz borligining isbotidir.

Artur Taymazov, Rishod Sobirov, Rustam Qosimjonov kabi o'z sohasining ustalari ham davlatimiz tomonidan berilgan yuksak e'tiborning mevasidir. Ular izidan yurtimiz obro'sini oshiradigan ko'plab iste'­dodlar yetishib kelmoqda. Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 53-maktab 6-sinf o'quvchisi, tumandagi 1-sonli bolalar va o'smirlar sport maktabida sportning erkin kurash yo'nalishida saboq olayotgan Hilola Toshpo'latova ham sport sohasida o'z o'rnini egallashga intilayotgan yoshlardan biri, desak mubolag'a bo'lmas.

Hilolaxon dastlab kenja akasi bilan mashg'ulotlarga shunchaki qatnay boshladi. Keyinchalik sportning jozibasi, erkin kurash yo'nalishining o'ziga xosligi bo'lajak sportchi qizni o'ziga jalb qildi. Bora-bora Hilola mustaqil tarzda ustozi Albert Sharipovdan uning sirlari va turli usullari bo'yicha saboq ola boshladi.

H.Toshpo'latova o`zi tahsil olayotgan maktabida o'tkazilgan tuman birinchiligi musobaqalarida ilk g'alabasini qo'lga kiritdi. 2011-yilda Nukus shahrida o'tkazilgan o'smirlar o'rtasidagi chempionatda faxrli o'ringa munosib deb topildi. Ustozlar e'tibori Hilolaga kuch bag'ishlab navbatdagi musobaqalarga jiddiy tayyorlana boshladi. Natijada o'smirlar o'rtasida o'tkazilgan O'zbekiston chempionatida g`olib bo'ldi.

– Oynai jahon orqali efirga uzatilgan sport ustalarining musobaqalarda qo'llagan usullari menga juda yoqadi. Men ham raqiblarimga ana shu usullarni qo'llashga harakat qilaman, – deydi Hilola. – Har bir inson biron bir sohaga astoydil mehr qo'yib, sabr bilan o'z ustida ishlasa albatta muvaffaqiyat qozonadi. Ishonamanki, qo'lga kiritgan g'alabalarim, ulkan yutuqlar debochasidir.

Bu o'smir qizdagi shijoat, qat'iyat va o'ziga ishonchni ko'rib, “Alpomish” dostonidagi ko'plab o'g'lonlarni kuragini yerga tekkizgan mard, qo'rqmas Barchinoy beixtiyor yodimga tushdi. Bejizga emas, axir Hilola singari ko'plab qizlar Barchinoyning avlodlari-ku.

Mustaqil Vatanimiz musaffo osmonida ziyo sochayotgan yulduzlar singari Hilola ham sportda o'z o'rnini egallab, kelajagi nurli va charog'on bo'lishiga ishonamiz.

Dilafro‘z ESHONXONOVA,

o`qituvchi

Яна ўқинг:  Orzularim ro`yobi

You may also like...

Фикр билдириш

Э-почта манзилингиз чоп этилмайди. Мажбурий маълумотлар * билан белгиланган.

Хато ҳақида хабар

Муҳаррирга жўнатиладиган матн: