Yo‘li topildi

(hajviya)

Bayramlar yaqinlashdi deguncha erkaklarning ro‘zg‘or to‘rvasi og‘irlasha boradi. Nima balo, har bayramda dasturxon bezatish shartmikan?!

Sunnat piyon shunday xayollar bilan endi uyiga kirgan edi. Jufti haloli Zulfiyabonu to‘tiqushga o‘xshab har kungi gapini tag‘in takrorladi:

– Voy, dadasi, bir haftadan buyon qulog‘ingizga quyaman. Pinagingizni buzmaysiz-a?! Siz ham bundoq boshqa erkaklarga o‘xshab bayramga tayyorgarlik ko‘rsangiz. Hademay Yangi yil boshlanadi. Dasturxon bezatishga hech vaqo yo‘q…

– Ey! – Xotinini jerkib berdi Sunnat piyon. – Bir qarich tilim bor deb og‘zingga kelganini aytaverasanmi! Hozir man-man degan odam ham bozorga tushsa esini yo‘qotib qo‘yishi hech gapmas. Hov, bor-ku, senga sovchi qo‘yganda otang “Meni kambag‘alga beradigan qizim yo‘q” deb boplab javobini bergan, haligi qassob…

– Sho‘ldirvoy…

– Ha, barakalla! O‘sha Sho‘ldirvoymi, Po‘ldirvoymi kecha do‘konma do‘kon sang‘ib aroq qidirib yurgandi “Bayramni quruq o‘tkazamiz shekilli” deb. Sen esa mendan gina qilasan.

Xotini yana allanimalar deb valdiradi. Sunnat piyon quloq ham solmadi. To‘shab qo‘yilgan oppoq ko‘rpa ichiga kirib pillaga o‘xshab o‘ralib oldi. Negadir uyqusi kelmadi. Xotinining javragani unga tinchlik bermadi.

To‘g‘ri-da. Erta-indin Yangi yil nishonlansa. Bayramga tuzukroq hozirlik ko‘rilmadi. Bozorga yaqinlashib bo‘lmasa. U kun cho‘takka kirgan moyana ham joyini topib ketdi. Shu topda birovdan pul so‘rash uyat! O-o-o! – Yangi yil bayramini qanday o‘tkazsak ekan-a. Tag‘in mehmon kelib qolsa-ya?

Sunnat piyon jiddiy holda o‘yga toldi. Hech o‘yining oxiri ko‘rinmaydi.

Zulfiyabonu qattiq uyquga ketgan.

“Ur-ra! Ur-ra! Yo‘lini topdim!” – degan ovozdan uyg‘onib ketdi. Qarasa, xo‘jayini ko‘rpa ustida chordona qurib olgan. Zulfiyabonu qo‘rqib ketdi.

– Ha, ha, tinchlikmi? deya oldi.

– E, tezroq tursang-chi. Suyunchi ber, yo‘lini topdim.

– Nima topdingiz, oltin…

– E, – baqirib berdi Sunnat piyon, – oltin ham gapmi? Mushukka o‘xshab uyqusiragancha gapimga quloq sol. Men nima g‘amda-yu, sen nima g‘amda. Mana, yaqinda Yangi yil bayrami. Shunga tayyorgarlik ko‘rish kerak.

– Xo‘sh, nima demoqchisiz?

– Bayramni tashvishsiz o‘tkazish yo‘lini topdim, deyapman.

– Qanaqa yo‘l?

– Esingdan chiqmasin tag‘in, – deya dona-dona qilib, xuddi muhim narsani tushuntirayotgandek xotiniga uqtira boshladi Sunnat piyon, – 30 dekabrda besh bolani ham olib otangnikiga arazlab ketasan. Men esa ertasi kuni sizlarni olib kelgani, yarashish uchun boraman. Qarabsanki, Yangi yilni o‘sha yerda kutib olamiz.

Yana o‘qing:  Qoqigul

 

Abdulla AYIZOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: