“… QIRQ UYDAN NASIHAT”

Mehmondo‘stlik, millatlararo totuvlik xususiyatlari xalqimizga xos azaliy fazilatlardan biridir. O‘smirlik davrimizda ham turli millat vakillari bir mahallada, ahil, inoq, qarindoshdek yashardik.

Qishlog‘imizda Guloy jengeshe (kelinoyi) degan qozoq kelinchak bo‘lardi. Biznikiga chiqib tandirimizda non yopar, meni tez-tez yordamga chaqirardi. “Yoyishni bilmayman…” desam: “Qo‘rqma, o‘zim o‘rgataman. O‘n yoshdan o‘tding, katta qiz bo‘lib qolding. Qiz bola o‘nga kirsa, songa kiradi”, degan gaplarni eshitmaganmisan?” derdi. Qishloq qizlari, hammamiz jengeshega yordam berishni xush ko‘rardik, katta ariqdan suv tashib berardik. Ular hovlisining oldi keng, o‘yinga qulay joy edi. Ukalarimizni aravachaga o‘tqazib olib, jengeshening bolalarini ham o‘ynatar edik. Ba’zan “besh tosh”, “olabuxcha”, “oq terak” kabi o‘yinlarga berilib ketardik. Shunda jengeshe chiqib bizni koyirdilar. “Qiz bolaga qirq uydan tiyuv (tanqid, o‘git)”, degan gap bor. Bo‘yga yetib qolyapsizlar-u, sakraganingiz sakragan. Kitob o‘qisanglar, Gulsara kelindan to‘qishni o‘rgansanglar bo‘ladi-ku”, derdi. Biz ulardan hech xafa bo‘lmasdik.

Xullas, qishlog‘imizdagi kelinlar o‘smir qizlar bilan erinmay suhbatlashishar, bizga nasihatlar qilishardi. Nasihatlari ko‘p va xo‘l bo‘lardi.

* Qiz bola baland ovozda gapirmaydi. O‘zi so‘zlab o‘zi kulmaydi.

* Ota-onaga aytmasdan eng yaqin dugonasinikiga ham bormaydi.

* Birovlar gaplashib turganda aralashmaydi.

* Uyga mehmon kelganida katta xotinlar oldida o‘ltirmaydi.

*Mehmonga borganida darrov oshxonaga o‘tib, uy bekasiga, kelinlarga yordamlashgan qiz aqlli qiz bo‘ladi.

* O‘tirib turishda ham gap ko‘p. Qiz degan farishta oyoq-qo‘llarini yig‘ib, bir tizzasiga qo‘nib, uzukka ko‘z qo‘ygandek o‘tirishi kerak.

* Qiz bola misoli bir sirli g‘uncha, chiroyi va xushbo‘yi ichiga yashiringan bo‘ladi.

* Qiz bola o‘z kiyimini o‘zi tikib kiygani yaxshi.

* Sepli qizim sarflab bitar, epli qizim eplab ketar, deganlar.

“Eh, qizlarjonlarim, o‘zim nimani eshitgan bo‘lsam, sizlarga aytish bo‘ynimda qarz, faqat xafa bo‘lmanglar”, derdilar o‘git bergan yangalar.

Gulsara yangadan to‘qishni, O‘g‘iljon yangadan quroq tikishni, Soragul yangadan o‘lan qo‘shiqlari aytishni, boshqalaridan ekin-tikinga qarashni… o‘rganibmiz.

Azizaxon HASAN qizi

Yana o‘qing:  Kulgu-shifo (2013-47)

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: