Qatralar

Vaqt

 

“Chiq, chiq, chiq”…

Bir maromda yurayotgan lahzalar zarbi.

Tinglab turolmaysan. Eshitib chidolmaysan. Lahza, soniya sayin abadiyat qa’riga g‘arq bo‘layotgan bu zarblarni ushlab ham qololmaysan. Quvib yetolmaysan…

Ammo ba’zan vaqt to‘xtab qolgandek tuyuladi. Hech e’tibor berganmisan, do‘stim?! Qachon, deysanmi?

Onang huzuriga borganingda. Bemor qondoshingni yo‘qlaganingda. Qadrdon do‘stingning diydoriga qonganingda. Va… go‘daklar bilan quvnagan onlaringda. Yana kimgadir samimiy, beg‘araz ko‘mak qo‘lini cho‘zganingda.

Kel, Vaqtni to‘xtatib yashaylik!

 

Yil

 

Bola edik. Akam ikkimizning xayolimizga XXI asrda oilamizdagilar necha yoshda bo‘lishini hisoblab chiqish fikri kelib qoldi. Shartta qog‘oz-qalam olib, hisob-kitobni boshladik. O‘sha paytda birimiz 14, birimiz 11 yoshda ekanmiz, bola tasavvurimizda XXI asr bizdan juda-juda olisda turganday tuyulgan ekan-da…

O‘sha olis kelajakda ota-onamizning yoshi ellikdan oshishi, o‘zimiz yigirmadan hatlagan bo‘lishimizni hisoblab aniqlaganimizda rosa hayajonga tushgandik. Xuddi o‘zimiz ulg‘ayib qoladigan o‘sha vaqt juda ko‘p ishlarni amalga oshiradiganday, ko‘p narsaga erishadiganday tuyulgan. Bir necha kun shu hayajon bizni tark etmagandi, orzular, niyatlar… Ham ularga tezroq erishish uchun Vaqt tezroq o‘tishini istash…

Har bir yil nihoyasiga yetganida o‘sha holatni eslayveraman. O‘shanda xuddi o‘tmaydigandek ko‘ringan yillarning bir zumda o‘tib ketganini o‘ylayman. XXI asr allaqachon boshlanib, hatto uning 17 yilini yashab ham qo‘ydik. Nimalargadir erishdik, nimalarnidir, kimlarnidir yo‘qotdik…

Yillar esa bizga o‘zining sabog‘ini berib, xulosasini aytib, o‘taverdi.

Bizdan esa so‘ramadi ham, ketaveraymi, mendan kutganing ne edi, demadi. Hamon bu savolni bermaydi u. Bu savolning javobini ketar oldi o‘zimizdan so‘raydi…

 

Oy

 

– Ikki oydan keyin to‘y…

– Uch oydan keyin farzandli bo‘lamiz…

– Bir oygina vaqt bering, hammasini hal qilaman…

– Olti oy qoldi, imtihonlarga tayyorlanayapman…

Oylar biz uchun shunchaki muddat. Ularga qarab, muhlat beramiz, muddat olamiz. Oylik rejalar tuzamiz, ishlarimizni taqsimlaymiz. Bir oyning ichida olamshumul ishlarni amalga oshirishga bel bog‘laymizu bu muddatning shamolday tez yelishini o‘ylamaymiz. Goho o‘z tashvishimizga ko‘milib, oyning o‘tib ketayotganini ham sezmaymiz. Yoki oldindagi biror voqeani kutib, uning tezroq, jadalroq o‘tishini istab qolamiz. Vaqtning o‘ttiz-o‘ttiz bir kunlik bu parchasi esa gohida qo‘limizdan tutib, ortidan shitob-la ergashishga undasa, goho ustimizdan kulganday taqvim varag‘idan ohista uzilib ketaveradi…

Yana o‘qing:  Iste’molimizdagi kartoshkaning shifobaxshligi xususida nimalarni bilamiz?

 

Xurshida ABDULLAYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: