KUMUSHBIBINING SOVG‘ASI

Kumushbibining dadasi tug‘ilgan kunida unga pushti rangli, jimjimador etaklariga yaltiroq munchoqlar tikilgan ko‘ylak sovg‘a qildi. Ayniqsa, ko‘ylagi ustidan osib qo‘yiladigan kichkina guldor sumkacha unga yanada ko‘rk bag‘ishlab, hilpirab ko‘zni quvnatadi. Bundan Kumushbibi boshi ko‘kka yetgudek quvonib ko‘ylagini kiyganicha qo‘shni qizlarning yoniga yugurdi. Bir zumda uning atrofini o‘rab olgan dugonalari pushtirang ko‘ylagini maqtashga tushdi.

– Voy, Kumushbibi ko‘ylaging buncha chiroyli, kim sovg‘a qildi? – hayrat bilan savolga tutadi Sarvinoz.

– Dugonajon sumkachangdagi gul xuddi qoqigulga o‘xshar ekan-a? – qiziqadi Dilbaroy barmoqlari bilan ohista sumkachani silab.

– Etagidagi rang-barang yaltiroq munchoqlarini-chi, xuddi yulduzlarni yopishtirib qo‘yganga o‘xshaydi-ya, – deya shodlanadi Nafisa.

– Men ham dadamga shunday ko‘ylak oldiraman, – deydi Azizaxon havas bilan.

Bir chekkada qizlarning gapiga aralashmay yelka qisib turgan Marjona sekingina “Ertaga mening tug‘ilgan kunim bo‘lsa ham hech kim bunaqangi chiroyli sumkachali ko‘ylak sovg‘a qilmaydi. Chunki, dadam betob, shifoxonada yotibdi”, – deydi astagina xo‘rsinib.

Dugonalar bir zum jim bo‘lib qolishdi. Kumushbibi sumkachasini qanchalar qadrlamasin, dugonasiga bo‘lgan hurmati, mehri ustunlik qildi. “Marjona tug‘ilgan kuning muborak bo‘lsin, bu sumkacha senga sovg‘a”, – deya uni dugonasiga tutqazdi. U uyiga qaytarkan, ostonadanoq onasi savolga tutdi.

– Sumkachang qani, qizim?

Kumushbibi onasining oldida biroz o‘ng‘aysizlandi. Nima deyishini bilmay kalovlandi. So‘ng, ming istihola bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Kech tushgach esa bo‘lgan voqeadan xabar topgan otasi Kumushbibining peshonasidan mamnun o‘pib qo‘ydi. U qizining insonparvar, mehribon bo‘lib ulg‘ayayotganidan xursand edi.

Jamila HAYDAROVA

Яна ўқинг:  Бадиий гимнастика: НАФОСАТ, НАЗОКАТ ВА ЖОЗИБА УЙҒУНЛИГИ

You may also like...

Фикр билдириш

Э-почта манзилингиз чоп этилмайди. Мажбурий маълумотлар * билан белгиланган.

Хато ҳақида хабар

Муҳаррирга жўнатиладиган матн: