Jasorat

– Keyin botir o‘g‘lon qo‘lida qilichini mahkam tutganicha, sakrab tulporiga minibdi va o‘sha dahshatli ajdaho makon tutgan keng dala sari yo‘l olibdi. Ko‘zlagan manziliga yaqinlashgan sari qarshisidan taralayotgan jazirama issiqlikka chiday olmabdi. Qayerdadir yonayotgan olov taftidan o‘g‘lonning kiyimlari terdan jiqqa ho‘l bo‘libdi. Egnidagi sovuti borgan sari og‘irlasha boshlabdi…

– Ayajon, sovut nima degani?

– Sovut – jang mahali kiyiladigan, temir simdan to‘qiladigan, o‘q o‘tkazmaydigan kiyim, qizim!

– Davomi, ayajon! Davomini ayting, – ichi toshib ketguday bo‘ladi olti-etti yoshlardagi bolaning. So‘ng singlisini urishib beradi:

– Hadeb savol beraverasan, kechayam shunday qilganding. Avval eshitgin-da oxirigacha…

– Bo‘ldi, bo‘ldi, Azamat! Tushunmagan so‘zni so‘ragan yaxshi-ku, bolam! O‘zing ham ilgari shunaqa qilarding, nima, esingdan chiqdimi? – kulib bolalarini tinchlantiradi ona. So‘ng ertakni kelgan joyidan davom ettiradi:

– Botir tishini tishiga qo‘yib, olg‘a boraveribdi. Ajdahoning manziliga yaqinlashib qolganida uning tulpori butunlay holdan toyibdi, issiq taftga dosh berolmay yiqilibdi. Botir o‘g‘lon piyoda yo‘lida davom etaveribdi, etaveribdi. Ming bir mashaqqatlar bilan ajdahoning yoniga yetib boribdi. Keng dalani yolg‘iz o‘zi egallab, ulkan gavdasi bilan quyoshni to‘sib yotgan uch boshli bahaybat ajdaho o‘g‘lonni ko‘rishi bilanoq g‘orday og‘zini lang ochibdi-da, dushmaniga olov purkay boshlabdi. Botir o‘g‘lon o‘q o‘tmas, o‘tda kuymas qalqonini pana qilganicha, qilichini tik ushlab, dushmanga qarshi dadil boraveribdi. Payt poylab turib, ajdahoning bitta boshini sapchadek uzib tashlabdi. Olov purkashdan to‘xtagan ajdaho shiddat bilan botirga tashlanibdi va ular o‘rtasida tengsiz, omonsiz jang boshlanibdi. Jang roppa-rosa uch kecha-yu uch kunduz davom etibdi. Oxir-oqibat esa jangda botir o‘g‘lonning qo‘li baland kelibdi. U xalqini yovuz dushmandan xalos aylabdi…

– Zo‘r ekan-a, aya? – hayajon bilan deydi Azamat. Singlisining ko‘zlarida esa hayrat uchquni porlaydi. Jajji ko‘nglidagi savol tezda tiliga ko‘chadi:

– Aya, o‘sha botir o‘g‘lon shunday katta ajdahodan sirayam qo‘rqmabdimi?

Azamatning jahli chiqib ketadi:

– E, nega qo‘rqarkan? Axir, u o‘g‘il bola-ku! To‘g‘rimi, aya? O‘g‘il bolalar qo‘rqmasligi kerak, a?!

Farzandlarining tortishuviga ona nuqta qo‘yadi:

Yana o‘qing:  Inson xotirada barhayot yashaydi

– Ha, to‘g‘ri, o‘g‘il bolalar jasur bo‘lishlari lozim. Ertakda buni yozishmabdi-ku-ya, kim bilsin, balki o‘sha botir o‘g‘lon biroz qo‘rqqan, o‘z joni uchun tashvish chekkan bo‘lishi ham mumkindir. Lekin uning ortida turgan odamlar – ota-onasi, oilasi, yor-birodarlari, hamyurtlarining unga bildirgan ishonchi botir o‘g‘lonni chekinmaslikka, qo‘rquvni yengishga majbur qilgandir… Botir o‘g‘lonning bu ishi nima deyiladi, bilasizlarmi?

– Qo‘rqmaslikmi?

– Botirlikmi?

– Buning nomi – Jasorat…

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: