GULLARNING SABOG‘I

Rohatoy bilan Samandar – opa-uka. Bugun ularnikiga to‘rt-besh mahalla narida yashovchi buvisi mehmon bo‘lib keldi. Samandar odatdagidek buvisiga:

– Buvijon, bu gal biznikida qancha turasiz? – deb savol berdi. Onaxon nabirasining peshonasidan o‘pib, – sen qancha xohlasang turaveraman. – degan javobni qildi. Buvi atrofni ko‘zdan kechirib, hovlida bo‘sh yotgan yerni ko‘z ostiga olib qo‘ydi-da, darhol ikki nabirasini olib qaergadir chiqib ketdi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach ular bir talay gul nihollarini ko‘targan holda uyga kirib keldilar.

Shunday qilib buvi va nabiralar o‘sha bo‘sh yotgan yerni yumshatib, rayhon, chinnigul, gulsafsar, gulxayri, karnaygul, nomozshomgul singari turli-tuman gullarni o‘tqazishdi. Hovlining o‘rtasida avvaldan ekilgan kattakon atirgul ham bor edi. Uchovlon ekilgan nihollarni sug‘orib, mehr bilan parvarishlay boshladi.

Ammo, uch-to‘rt kundan so‘ng buvining ketar mahali bo‘lib qoldi. U ketar paytida Samandarga:

– Gullarga qarab turinglar. Keyingi gal kelganimda o‘zing ekgan rayhon barglarini solib, mazali ayron qilib beraman, – deya uqdirib ketdi.

Kunlar o‘tib gullar bo‘y cho‘zib, birin-ketin ochila boshladi. Har kuni ertalab Rohatoy hovliga suv sepib, supurib-sidirganda qiyg‘os ochilgan gullar uni tabassumla qarshi olardi.

Shu kunlarning birida gullar orasidan endigina yerdan bosh ko‘targan zarpechak paydo bo‘ldi. U atrofidagi gullarga qarab, kun sayin cho‘zilar, biroq o‘zini yerdan ko‘tara olmas edi. Buni kuzatib turgan gullar uning yerga uzala tushib olganini ko‘rganlarida yordam beramiz degan maqsad bilan unga qo‘l berishib, bag‘rilariga oldilar. Bu holni yuqoridan kuzatib turgan yoshi kattaroq atirgul gullarga qarab dedi.

– Bekor qildilaring, endi u sizlarni siqib suvlaringni ichadi. Undan qutilib bo‘psiz.

– Nega endi? U ham bizga o‘xshab, o‘sib, yashnasin dedik. Shu yomonmi? – dedi gulxayri. Atirgul esa bir seskandi-da, xo‘rsinib qo‘ydi.

Kundan kun zarpechak u guldan bu gulga o‘tib, chirmashgani holda o‘ralib gurkirab ketmoqda edi. Gullar uning changalidan ezilib, holsizlanib borardi.

– Hoy, biz o‘zingni tiklab olishing uchun ko‘maklashdik. Qaddingni tiklab olding, endi o‘zing o‘saqol. Biz ham erkin nafas olaylik, – dedi bundan bezib, jonsarak bo‘lib qolgan chinnigul.

– He, yordam berganmish… Meni bo‘lishim shu… Nima, odamlar faqat sizlarga e’tibor beradimi? Faqat sizlarning yuzingizga suv sepib, yuvib qo‘yadilarmi? Kapalag-u, asalarilar faqat sizga qo‘nib erkalasalar… Men ham o‘sishni, ochilishni bilaman. O‘zi, bundoq qarasam, juda erka bo‘lib ketibsizlar. Men ham xohlayman buni! – qahr bilan dedi pechakgul.

– I – i – i, hali rahmat o‘rniga shumi?.. – bahsga qo‘shildi gulsafsar.

– Nimaning evaziga rahmat? Xohlasam bundanda battar qilaman, dedi zarpechak. Bunga chidab turolmagan atirgul:

– Hey, sen! Ko‘pam haddingdan oshmasdan, mana menga kel-chi! Holingni bir ko‘ray. Qo‘yib yubor, ularni! Yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi-da, a!

– Qo‘ying, kerakmas. U sizni ham tinch qo‘ymaydi, – deb boshqa gullar atirgulni tinchlantirmoqchi bo‘lishdi.

– Qani mening tikonlarimga bir dosh berib ko‘rsinchi, – dedi atirgul, qizishib.

– Seni tikonlaring menga nima bo‘pdi. Kimligimni ko‘ringlar! – deya g‘azab otiga mingan zarpechak atirgulga qarab harakat qila boshladi.

U shu tariqa atirgul va boshqalarni yanada qattiqroq iskanjaga olgan holda qiynab yayraydi. Sho‘rlik gullar nima qilarini bilmay, chorasizlikdan esayotgan saboga iltijo qiladilar. Sabo ularning holiga achinib, pechakgulni ajratib, uloqtirib tashlashga harakat qiladi. Gullarni u yoqdan bu yoqqa siltab, yanada qattiqroq esadi. Ammo urinishlari befoyda ekanini ko‘rib, asta qaytib ketadi.

Bora-bora gullarning yuzi za’faron bo‘lib borayotgan paytda hovliga onaxon kirib keladi. Uning ko‘zlari gullarga tushadi-yu, biroz ma’yus tortadi.

– Gullarga qaramabsizlar-ku. Qarang, yovvoyi o‘tlar bosib, ularning yashashiga yo‘l bermayapdi. Mehnatimiz qadriga o‘zimiz yetmasak, boshqa kim yetadi… Attang, men sizlarga ishongan edim…

Shu kunning o‘zidayoq ular birgalashib gullarning atrofini yovvoyi o‘tlardan tozalashga kirishib ketdilar. Ildizi uzilgan zarpechak dodini kimga aytishni bilmay, jizg‘anak bo‘lib, qovjiray boshladi.

Bekmurod BARDOSH

Яна ўқинг:  Шоир бўлиш шунча осонми?..

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: