Bug‘doy so‘zing bo‘lsin

Bahor oftobi xush yoqqan Mukarram buvi “g‘ujg‘on” gullagan o‘rik daraxti tagidagi taxta supada o‘tirgancha, guldan-gulga qo‘nib nektar yig‘ayotgan asalarilarning harakatini zavq bilan kuzatardi.

Buvijon, assalomu aleykum, biz keldik, – kenjatoy nabirasi Abdulhamid o‘zini buvisining bag‘riga otdi.

– Buvijon degan tillaringdan o‘rgilay, kelinglar, kelinglar, boyadan buyon ko‘zimdan o‘tib turuvdilaring, juda yaxshi qilibsizlar, – nabiralarini bir-bir bag‘riga bosib, peshonalaridan o‘pdi Mukarram buvi.

– Biz sizga ko‘k somsa olib keldik, oyijonim tandirda yopti, – bijirladi Gulnoza qo‘lidagi tugunchani xontaxta ustiga qo‘yarkan.

– Ko‘klar ham yetilib qolibdi-da, yetkazganiga shukr, kelinimning qo‘li dard ko‘rmasin.

– Ozo, namuncha, asalari ko‘rmaganmisan, angraymay, chiq tepaga, – singlisini turtdi Ziyoda.

– Yo‘qol, o‘zing chiq, nega baqirasan, – bo‘sh kelmadi Ozoda ham. Hozirgina yuz-ko‘zidan tabassum yog‘ilib turgan buvijon birdan xomush tortdi.

– Bu nimasi, nega buncha bir-biringizga qo‘pollik qilasiz. Kap-katta qizlar-a? Eshitgan odam nima deydi, meni uyatga qo‘yasizlar-ku bunaqada.

– Ko‘rmaysizmi, o‘zini, kampirlarga o‘xshab imillaydi, – qip-qizarib ketdi Ziyoda.

– Gapimizga mahliyo bo‘lib, ovozingni eshitmay qolgandir-da. Darrov qizishib ketish yaxshimas. Birinchidan, Ozo emas Ozoda degin, ismni toq aytish gunoh hisoblanadi. Shirin muomala qilsang har qanday yomon odam hushyor tortadi. Yaxshi gapda, shirin muomalada hikmat ko‘p. Sen yaxshi gapirsang, singling ham yaxshi gapiradi. Ozodaxon, opang baqirsa, sen ham qo‘shilib baqiraverasanmi? Birinchidan, u sendan katta, hurmatini joyiga qo‘yishing kerak. Ikkinchidan, yomonni yomonlik bilan emas, yaxshilik bilan to‘g‘ri yo‘lga solish zarur.

– Xo‘p bo‘ladi, ikkinchi bunday qilmayman, keling buvijon, somsa sovumasdan yeb oling, – dedi Ozoda mayin jilmayib.

– Mana bu boshqa gap, baraka top. O‘zinglar ham o‘tiringlar, darrov issiq choy damlab chiq. Bir gurunglashib choyxo‘rlik qilaylik, – chiroyi ochildi buvijonning. – Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Kunning ham, odamlarning ham qadriga yetaylik.

– Odamlarning qadriga yetaylik, deysizmi, qanday qilib yetamiz? – baravar so‘rashdi bolalar.

– Birpas sabr qilsanglar aytib beraman.

– Muhammadjon, Shahzod, Valisher, Xosiyat kelinglar, buvijonim kutyapti, – ukalarini chaqirdi Ziyoda.

Yana o‘qing:  Ibratli dunyo

– Xo‘p bo‘ladi, – shovqin-suron solib quvlashmachoq o‘ynayotgan bolalar bir zumda buvilari yonidan joy olishdi.

– Ko‘rdingmi, Ziyoda poshsho, yaxshi gapning sehrini, shunday to‘polonchi ukalaringni ham eritdi-qo‘ydi, – sirli jilmaydi Mukarram buvi. So‘ng nabiralariga yuzlandi:

– Qani bolalarim, aytingchi, qanaqa ertak o‘qiyapsizlar?

– “Sharq ertaklari”ni, – baravariga javob berishdi ular.

– Buvijon, ana shu ertakda yovuz dev, hatto, yalmog‘iz kampir ham shirin muomala qilgan shahzodaga yordam berdi. Yaxshi gap ularga ham yoqar ekan, – dedi Ozoda.

– Juda to‘g‘ri, yaxshi gap jonivorlar-u parrandalar, hatto, o‘simliklarga ham xush yoqadi. Mana, Sardorjonni qarang, juda shirinso‘z bola. U hovlida paydo bo‘lsa tovuqlari baravar “qoqolab” yetib kelishadi. Qushlar ham undan cho‘chimay yonida donlayverishadi. Bolam ekkan ko‘chatlar bexato ko‘karadi. Chunki bu jonivorlarning har biriga mehr bilan qaraydi, – Sardorning boshini siladi Mukarram buvi.

Boya odamlarni qadrlaylik, dedim. Xo‘sh, ularni qanday qilib qadrlaymiz? Avvalam bor, shirin so‘zimiz bilan. Tanishmi, notanishmi salomingizni kanda qilmasangiz, ikki og‘iz shirin so‘zingizni ayamasangiz bo‘ldi, o‘sha odamning ko‘nglida o‘zingizga nisbatan hurmat uyg‘otasiz. Odamning boshiga tushadigan kulfat ham, saodat ham o‘z tilidan keladi. Tilni keraksiz so‘zlardan tiyish, “Yetti o‘lchab bir kesish”, jahl chiqqanda ham o‘zini bosa olish mardning ishi. Qo‘pol odamga ham yaxshi muomala qilsangiz, u ham qilmishidan pushaymon bo‘ladi. Shirin muomala birinchi galda qiz bolaga zarur. Agar o‘zi chiroyli bo‘lsa-yu, tili achchiq bo‘lsa, undan odamlarning tezda ixlosi qaytadi, o‘zining esa qadri tushadi.

Tunov kuni ko‘chaga chiqib tursam, ikkita olifta qiz kelyapti. Yoshiga yarashmagan pardoz-andozidan g‘ashim kelib, yuzimni “ters” o‘girib oldim. Ular bo‘lsa, menga yaqin kelishgach, qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘yib salom berishdi, Navro‘z bayrami bilan qutlashdi, keyin qo‘shnimizning uyini so‘rashdi. Qizi tushmagurlarning shirin tili eritdimi, ko‘zimga biram issiq ko‘rinib ketishdi. Muborakxonning uyigacha o‘zim kuzatib qo‘ydim. Xayolimga kelgan boyagi gapdan xijolat bo‘lib qoldim.

– Olifta qizlarni ham yaxshi ko‘radigan bo‘psiz-da, – dedi Ziyoda.

– Yo‘q, ularga pardozni hali ertaligini yotig‘i bilan tushuntirdim. Qizlar meni diqqat bilan tinglashdi.

Yana o‘qing:  Sambochilarimiz shohsupaga ko‘tarildi

Shirin tillilik, xushmuomalalik odamning qadrini oshiradi. Xalqimizda “Bug‘doy noning bo‘lmasa ham, bug‘doy so‘zing bo‘lsin”, – degan naql bor. Shuni unutmang, bolajonlarim.

– Gap bilan bo‘lib, choyni ham sovutib qo‘yibmiz Ziyodaxon, choyni yangilab kelaqol.

– Xo‘p bo‘ladi, buvijon.

– Opajon, siz o‘tiravering, men damlab kelaman, – o‘rnidan “dik” etib turdi Ozoda.

Mukarram buvi ularga mehr bilan boqib, shirin jilmayib qo‘ydi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: