Baxtning yangi qirrasi

Bekatda turgandim. Uzoqdan keksa yoshli bir ayol ko‘rindi. Unga qaradim-u yuragim “gupillab” urib ketdi. Xolaning yurishi, bo‘y-basti quyib qo‘ygandek onamga o‘xshardi. Onaxon yonimga kelgach, shoshib-pishib salom berdim. Ko‘zlarida mehr qalqigan ko‘yi salomimga alik oldi. Shu paytda aksiga olib bekatga kutayotgan avtobusim kelib to‘xtadi. Men tezda xolaga qaradim. Xayriyat u ham avtobus tomon yurdi. Men esa ortidan ergashdim. Avtobusga chiqqach, salonni kuzatdim. Orqaroq qatorda bo‘sh joy bor ekan. Lekin xolani yolg‘iz qoldirgim kelmadi va uning o‘rindig‘i tepasida turib oldim. Xola boshini ko‘tarib menga qaradi. Ko‘zyoshlarim o‘zimga bo‘ysunmasdan allaqachon yuzimga oqib tushishga ulgurgandi. Onaxon o‘rindiq tutqichida turgan qo‘limdan ushladi.

– Darding yangimi, bolam? – so‘radi u shikasta ovozda.

– Ha.

– Onangmi?

– Ha.

– Betobmidi, qaradingmi?

– Ha, qaradim. Lekin volidam ko‘p yotmadi. Bizni qiynamadi.

– Yolg‘iz bolamisan?

– Yo‘q, ikkita opam, akam bor.

– Ular ham onangni yonidamidi, so‘nggi yo‘lga birga kuzatdinglarmi? – dedi alamli ohangda.

– Albatta-da, – dedim uning savolidan sal xafa bo‘lib.

Onang baxtli ekan, – xo‘rsindi ayol, – sen ham baxtli ekansan, bolam.

Ie, bu qanaqa g‘alati kampir, shunday onamdan ajralib qolaman-u yana baxtli bo‘larmishman! Xola nigohimdagi norozilikni payqab, “uh” tortdi-da, boshini afsus bilan chayqadi. Keyin sokin ovozda gap boshladi:

– Bolam, har bir ona Yaratgandan “farzand dog‘ini ko‘rsatma, bolalarim orqamda qolsin. O‘g‘limga qabrim ustiga bir kaft tuproq tashlash nasib qilsin”, deb so‘raydi. Onang niyatiga yetibdi. Bu dunyodan bola-chaqasi huzurida xotirjam ko‘z yumibdi. Menda ana shu xotirjamlik, baxt yo‘q bolam. Kechalari Allohga nola qilib chiqaman.

Shu choq yonimizga chiptachi bola kelib, yo‘l haqini so‘radi. Xola rangi uniqib ketgan latta sumkasini titkilab, pensiya daftarchasi bilan hamyonini topguncha men ikkalamiz uchun ham pul to‘lab yubordim.

Xola xijolat tortdi. Keyin duo qildi. Hikoyasini kelgan joyidan davom ettirdi:

– Mening ham bir qiz, ikki o‘g‘lim bor. Uch yil burun bir o‘g‘lim kasalga chalinib, vafot etdi. Ikkita bolasi chirqillab qoldi. Men hozir shular bilan birga yashayman. Kelinim yomon emas. Har holda bir kosa issiq ovqatim tayyor. Katta o‘g‘lim Rossiyada, o‘sha yerdan uylangan. Onasi borligi esida ham yo‘q. Qizim Turkiyada. Qizini uzatganda qarzga kirgan. O‘sha pulni topgani ketgan. Telefon qilib turadi, o‘zicha u-bu narsa yuborgan bo‘ladi. Shu yoshimda menga narsasi kerakmi, bolam. Bir burda nonga qornim to‘yadi. Qizim yonimda yursa deyman, sirdosh bo‘lardi, dardkash bo‘lardi. Tunlari yonimda esh-qo‘sh bo‘lsa qaniydi. Ertaga kuchdan qolib kelganda men bormanmi, yo‘qmanmi, qayerda qoladi. Eri allaqachon boshqasiga uylanib olgan. Shularni o‘ylasam, yomon bo‘lib qolaman. Shuning uchun senga, onangga havasim keldi. Onang qanday baxtli ayolki, jigarbandlari tepasida parvona bo‘libdi, tobuti tepasida “voy, onamlab” yig‘labdi. O‘g‘li bel bog‘lab, xassakashlik qilibdi. So‘nggi yo‘lga o‘zi kuzatibdi. Ona uchun bu baxt, qizim. Sen yig‘lama, onangdan ham, unga shunday chiroyli umr, baxt bergan Allohdan ham rozi bo‘l. Shu choqqacha ular yoningda bo‘libdi. Endi ham yolg‘iz emassan – emikdoshing opang bor, suyanganing akang bor.

Yana o‘qing:  Xo‘jag‘at – yallig‘lanishga qarshi rezavor

Xolaning so‘zlaridan erib, ko‘zimni yumdim. Shundoq yonginamda onam paydo bo‘ldi. Uning tanish ifori dimog‘imga urildi. Uch oydan buyon vujudimni ezib kelgan sog‘inch azobi qalbimni tark etganday edi. Ich-ichimdan shu choqqacha o‘zim sezmagan baxtning yangi qirrasini ko‘rsatib bergan notanish ayoldan minnatdorlik hissini tuydim.

 

Muhabbat HAMIDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: