Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

farmoni

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, sohadagi vaziyat va amalga oshirilgan tadbirlar tahlili yoshlarning keng qatlamlariga daxldor bo‘lgan dolzarb masalalar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash, tashabbuslarini rag‘batlantirish borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmaganidan dalolat bermoqda.

Joylarda, avvalambor chekka hududlarda istiqomat qilayotgan ko‘p sonli yoshlarning o‘z iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarishlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun keng sharoitlar yaratish, ularni turli zararli illat va yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish kabi muhim vazifalarni hal etishda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati O‘zbekiston yoshlarini buyuk maqsadlar sari birlashtiradigan va safarbar etadigan ommaviy harakatga aylana olmaganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Shu sababli, mazkur sohadagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni bugungi davr talablariga mos ravishda har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, xalq manfaati yo‘lida bor salohiyatini safarbar qiladigan, shijoatli yoshlarni tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratdi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish bilan bog‘liq bir qator yangi va muhim vazifalarni belgilab berganini alohida qayd etish joiz.

Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish maqsadida hamda bu borada keng jamoatchilik, avvalo, yoshlar vakillarining taklif va mulohazalarini e’tiborga olgan holda:

  1. O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining 2017 yil 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan IV qurultoyi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
  1. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgan kun – 30 iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni”, deb e’lon qilinsin.
  1. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilansin:

birinchidan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqini respublikada yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishida davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlovchi, “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida professional faoliyatni amalga oshiruvchi tuzilmaga aylantirish;

ikkinchidan, yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish va rivojlantirish, turli mafkuraviy tahdidlardan asrash;

uchinchidan, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega tashabbuskor, shijoatli, el-yurt manfaati yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, bilim va salohiyatini safarbar qiladigan, mamlakat istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yoshlar safini kengaytirish;

to‘rtinchidan, yoshlarning zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash, ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, tashabbuslarini rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga ko‘maklashish;

beshinchidan, yoshlarning ilmiy va badiiy kitoblar, jumladan, elektron asarlarni o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, huquqiy, ekologik, tibbiy va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali ularda turli mafkuraviy tahdidlarga, xususan, diniy ekstremizm, terrorizm, “ommaviy madaniyat” va boshqa yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish;

oltinchidan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va oila muqaddasligi g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, erta turmush qurish va yosh oilalar ajralishining oldini olishga qaratilgan samarali tadbirlarni amalga oshirish;

ettinchidan, yoshlarni, ayniqsa, ular uyushmagan qismining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishga, ijodiy to‘garaklar va turli, jumladan, xorijiy tillarni o‘rgatish o‘quv kurslariga keng jalb etish;

sakkizinchidan, yosh oilalar, xususan, imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratishga qaratilgan maqsadli ishlarni tashkil etish;

to‘qqizinchidan, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va profilaktika qilish ishlarida faol ishtirok etish;

o‘ninchidan, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etadigan, xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, halol va fidoyi yosh rahbar kadrlarni tarbiyalash, zaxirasini yaratish va ularni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mas’ul lavozimlariga tavsiya etish;

o‘n birinchidan, yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlarda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;

o‘n ikkinchidan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga yoshlarga oid faoliyatni tashkil etishda g‘oyaviy-uslubiy jihatdan ko‘mak berish.

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etish, natijasi bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish xizmatining yoshlar siyosatini amalga oshirish sohasida davlat va jamoat tashkilotlarini muvofiqlashtirish sho‘basi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Yoshlar siyosati masalalari xizmati tashkil etilsin.

Xizmatning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilansin:

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi faoliyatini samarali tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan vazifalarning to‘laqonli ijrosini tashkil etish va nazorat qilish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasidagi faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish, ularga g‘oyaviy-uslubiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish;

yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish maqsadida tizimli o‘rganish va tahlillar asosida sohaga oid qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Tashkiliy-kadrlar xizmati bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Yoshlar siyosati masalalari xizmati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.

  1. Belgilansinki:
Yana o‘qing:  Nashr dizayniga zamonaviy yondashuv

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Yoshlar siyosati masalalari xizmatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi rahbarlik qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘z lavozimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi hisoblanadi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati, Yoshlar siyosati masalalari xizmati Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin.
  1. Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Idoralararo kengashning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilansin:

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashish;

yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish;

O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni talablarini hayotga to‘laqonli joriy etish va bu borada ta’sirchan nazorat o‘rnatish.

  1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari raisligida Yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlar tuzilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi to‘g‘risidagi nizomni hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlar to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlasin.

  1. Buyuk davlat arbobi va sarkarda Sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini inobatga olgan holda, respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi berilsin.
  1. Yoshlarning ilmiy va ijodiy faoliyati natijalarini, ilm-fan va adabiyotga bo‘lgan qiziqishlarini hamda yoshlar siyosatiga oid muhim yangiliklarni keng yoritish maqsadida:

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Turkiston” va “Molodyoj Uzbekistana” gazetalari, “Yosh kuch” jurnali hamda boshqa yoshlar nashrlarini chop etishga ixtisoslashgan “Yoshlar nashriyoti uyi” tashkil qilinsin;

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda “Qizlarjon” jurnalini ta’sis etsin.

  1. Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda:

“Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida “Men sevib o‘qigan kitob” va “Eng yaxshi kitobxon” respublika tanlovlarini, “Kitob bayrami” va “Bolalar kitoblari” an’anaviy respublika festivallarini;

“Biz Vatanga tayanchmiz”, “Bizning eng katta tayanchimiz va suyanchimiz, hal qiluvchi kuchimiz yoshlar” shiorlari ostidagi aksiyalarni;

“Adabiyot va san’at – shaxs ma’naviyatini boyitish va yuksaltirish omili” mavzusida yozuvchilar, shoirlar, san’atkorlar, adabiyotshunos olimlar ishtirokidagi uchrashuvlarni;

respublikaning chekka hududlarida xalq rassomlari, xalq ustalari bilan bolalar, yoshlar va ularning ota-onalari uchun “Bunyodkor xalqim bilan muloqot – ijodim ilhomi” mavzusida master-klasslar va ijodiy uchrashuvlarni;

“Eng buyuk jasorat – ma’naviy jasoratdir” mavzusida davra suhbatlarini doimiy ravishda tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

  1. Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Madaniyat vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda:

Andijon, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar Yoshlar markazlari binolarini qurish, Buxoro va Xorazm viloyatlari Yoshlar markazlari binolari qurilishini tugallash va foydalanishga topshirish, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari Yoshlar markazlari binolarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha dastur loyihasini;

respublikaning barcha tuman va shaharlarida sinov tariqasida 11 yillik majburiy o‘rta ta’lim tizimining joriy etilishi munosabati bilan bo‘shaydigan kollejlarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tegishli kengashlari ixtiyoriga beg‘araz o‘tkazish, ularning negizida barcha qulayliklarga, jumladan, kutubxona va kitob do‘koniga ega bo‘lgan Yoshlar markazlari va zamonaviy yoshlar kinoteatrlarini, shuningdek, yoshlarni, ayniqsa, ularning uyushmagan qismini 6 oygacha bo‘lgan muddatda kasb-hunarga to‘lovsiz o‘qitish markazlarini tashkil etish dasturi loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

  1. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining:

2017-2018 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “katta yetakchi” va “to‘garak rahbari” shtat birliklarini tugatish hisobiga lavozim maoshi yuqori sinf o‘qituvchisiga tenglashtirilgan “yoshlar yetakchisi” shtat birligini joriy etish;

o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida “yoshlar yetakchisi” vazifasi yuklatilgan xodimga o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oliy ma’lumotli o‘qituvchi bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida har oylik ustama belgilash;

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshida yoshlarning xohish va intilishlaridan kelib chiqib, yoshlar uyushmalari hamda yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish markazlarini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini tashkil etish;

yurtimizda turli soha va tarmoqlarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan yigitlarni taqdirlash maqsadida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini ta’sis etish;

yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, o‘qish, mehnat va jamoat ishlarida har tomonlama faol ishtirok etayotgan yoshlarni taqdirlash maqsadida “Kelajak bunyodkori” medalini ta’sis etish;

2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kichik biznes korxonalari tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovi uchun hisoblangan summaning 8 foizini O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazish;

ta’lim muassasasini tamomlaganiga uch yil bo‘lmagan, birinchi marta ishga qabul qilingan yoshlarga daromad solig‘ini birinchi yil uchun 50 foiz, ikkinchi va uchinchi yillar uchun esa 25 foizga kamaytirish;

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida turli fanlar, jumladan, chet tillarni o‘rgatish, kompyuter dasturlarini tuzish va tadbirkorlik asoslarini o‘qitish maqsadida tashkil etiladigan sho‘ba korxonalarini 2027 yil 1 avgustga qadar barcha soliqlardan ozod etish, bunda korxona ixtiyorida qoladigan summaning 20 foizini O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Tashkiliy-kadrlar xizmati manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining yangilangan ustavi va tuzilmasini tasdiqlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasini kiritsin;

“Mard o‘g‘lon” va “Kelajak bunyodkori” davlat mukofotlarini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish bo‘yicha taklif tayyorlasin.

  1. Belgilab qo‘yilsinki:
Yana o‘qing:  Samarali hamkorlik va tajriba

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kengashlari raislari tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi va maqomi bo‘yicha ularning birinchi o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchilarini saqlash xarajatlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tegishli kengashlari hisobidan qoplanadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi tavsiyasi asosida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi;

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida 3 yil va undan ko‘p muddat davomida faol ishlab kelayotgan xodimlarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi;

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalariga o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan taqdirda ta’lim bo‘yicha to‘lov kontrakti miqdorining 35 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda bir oy muddatda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2018-2021 yillarga mo‘ljallangan Yoshlar uylarini barpo etish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Yoshlar uylarini barpo etish dasturida barcha yirik shaharlarda – ko‘p qavatli, qishloq tumanlarida – 1-2 qavatli namunaviy loyihalar asosida arzon uylar yoshlarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib qurilishi nazarda tutilsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining viloyat, shahar va tuman kengashlari raislarini rag‘batlantirish maqsadida ularga “Matiz” va “Damas” avtomashinalarini xarid qilish uchun 10 yil muddatgacha mo‘ljallangan, boshlang‘ich to‘lovi 15 foizlik imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

tuman markazlari va shaharlarida Yoshlar tadbirkorlik klasterlarini tashkil etishni;

foydalanilmayotgan davlat ob’yektlarini, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi ob’yektlarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining a’zosi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga to‘lovsiz ijaraga berish tartibini joriy etishni ta’minlasin.

  1. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “O‘zbekneftgaz” MXK va “O‘zbektelekom” AKning “Yoshlar” teleradiokanali” AJning 50 foiz aksiyalarini O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Adliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda “Yoshlar” teleradiokanali” AJ faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

  1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari har oyda kamida bir marta yoshlar bilan ochiq muloqotlarni o‘tkazib borish amaliyotini joriy etsin.
  1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  1. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Q.Q.Quronboyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017 yil 5 iyul

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

“Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish

va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini

qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga

ShARH

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida yoshlarni ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Shunga qaramasdan, yoshlar hayotidagi eng dolzarb masalalar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun sharoit va imkoniyat yaratish, ularni kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash, tashabbuslarini rag‘batlantirish bo‘yicha olib borilgan ishlar talab darajasida emasligini hayotning o‘zi tasdiqlamoqda.

Joylarda, avvalambor chekka hududlarda istiqomat qilayotgan ko‘p sonli yoshlarning o‘z iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun keng sharoitlar yaratish, ularni turli zararli illat va yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish kabi muhim vazifalarni hal etishda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati O‘zbekiston yoshlarini buyuk maqsadlar sari birlashtiradigan va safarbar etadigan ommaviy harakatga aylana olmaganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Shu sababli, mazkur sohadagi faoliyatni tubdan takomillashtirish va yangi yuksak sifat bosqichiga ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish maqsadida O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgan kun – 30 iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni” sifatida nishonlanadi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish bilan bog‘liq bir qator yangi va muhim vazifalar qo‘yildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi respublikamizda yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishida davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlovchi, “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida professional faoliyatni amalga oshiruvchi tuzilmaga aylanadi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etish, natijasi bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining huquqiy va amaliy vakolatlari kengaytirildi, tegishli imkoniyat va imtiyozlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida Yoshlar siyosati masalalari xizmati tashkil etilib, unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi rahbarlik qilishi belgilandi.

Yana o‘qing:  El dardiga malham bo‘laylik

Yoshlar siyosati masalalari xizmati O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi faoliyatini samarali tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan vazifalarning to‘laqonli ijrosini tashkil etish va nazorat qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining bu boradagi faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish, ularga g‘oyaviy-uslubiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish, sohaga oid qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘z lavozimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi hisoblanadi.

Farmonda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashish, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni talablarini hayotga to‘laqonli joriy etish va nazorat o‘rnatish maqsadida Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi tashkil etildi.

Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari raisligida Yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlar faoliyat yuritadi.

Buyuk davlat arbobi Sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini inobatga olib, respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi beriladi.

Yoshlarning ilmiy va ijodiy faoliyat natijalarini, ilm-fan va adabiyotga bo‘lgan qiziqishlarini hamda yoshlar siyosatiga oid muhim yangiliklarni keng yoritish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining nashrlarini chop etishga ixtisoslashgan “Yoshlar nashriyoti uyi” tashkil etiladi. Qizlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, iste’dod va qobiliyatini yuzaga chiqarish, ular orasida haqiqiy yetakchilarni tarbiyalash ishlarini yanada kuchaytirish maqsadida “Qizlarjon” jurnali ta’sis etiladi.

Farmonga ko‘ra, yoshlarda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan “Men sevib o‘qigan kitob” va “Eng yaxshi kitobxon” respublika tanlovlari, “Kitob bayrami” va “Bolalar kitoblari” an’anaviy respublika festivallari, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik hissini qaror toptirishga qaratilgan aksiyalar, yozuvchilar, shoirlar, san’atkorlar, adabiyotshunos olimlar bilan ijodiy uchrashuvlar va master-klasslar tizimli tashkil etilishi belgilandi.

Shu bilan birga, 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “katta yetakchi” va “to‘garak rahbari” shtat birliklarini tugatish hisobiga lavozim maoshi yuqori sinf o‘qituvchisiga tenglashtirilgan “yoshlar yetakchisi” shtat birligi joriy etildi.

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida “yoshlar yetakchisi” vazifasi yuklatilgan xodimga o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oliy ma’lumotli o‘qituvchi bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida har oylik ustama belgilanadi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshida yoshlarning xohish va intilishlaridan kelib chiqib, yoshlar uyushmalari hamda yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish markazlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etilishi Farmonda belgilab berilgan.

Yurtimizda turli soha va tarmoqlarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan yigitlarni taqdirlash maqsadida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti, shuningdek, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, o‘qish, mehnat va jamoat ishlarida har tomonlama faol ishtirok etayotgan yoshlarni taqdirlash maqsadida “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etiladi.

Farmonda 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kichik biznes korxonalari tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovi uchun hisoblangan summaning 8 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazilishi belgilandi.

Ta’lim muassasasini tamomlaganiga uch yil bo‘lmagan, birinchi marta ishga qabul qilingan yoshlarga daromad solig‘ini birinchi yil uchun 50 foiz, ikkinchi va uchinchi yillar uchun esa 25 foizga kamaytirish, shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida turli fanlar, jumladan, chet tillarni o‘rgatish, kompyuter dasturlarini tuzish va tadbirkorlik asoslarini o‘qitish maqsadida tashkil etiladigan sho‘ba korxonalarini 2027 yil 1 avgustga qadar barcha soliqlardan ozod etish, bunda korxona ixtiyorida qoladigan summaning 20 foizini O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kengashlari raislari tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi va maqomi bo‘yicha ularning birinchi o‘rinbosarlariga tenglashtirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi tavsiyasi asosida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida 3 yil va undan ko‘p muddat davomida faol ishlab kelayotgan xodimlarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi, shuningdek, tashkilotning faol a’zosi bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalariga o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan taqdirda ta’lim bo‘yicha to‘lov kontrakti miqdorining 35 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Muhim jihati shundaki, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2018-2021 yillarga mo‘ljallangan Yoshlar uylarini barpo etish dasturi ishlab chiqiladi. Mazkur dasturda barcha yirik shaharlarda – ko‘p qavatli, qishloq tumanlarida – 1-2 qavatli namunaviy loyihalar asosida arzon uylar yoshlarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib qurilishi nazarda tutiladi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining viloyat, shahar va tuman kengashlari raislarini rag‘batlantirish maqsadida ularga “Matiz” va “Damas” avtomashinalarini xarid qilish uchun 10 yil muddatgacha mo‘ljallangan, boshlang‘ich to‘lovi 15 foizlik imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Respublikamizning tuman markazlari va shaharlarda Yoshlar tadbirkorlik klasterlari tashkil etiladi.

Foydalanilmayotgan davlat ob’yektlarini, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi ob’yektlarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining a’zosi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga to‘lovsiz ijaraga berish tartibi joriy etiladi.

“Yoshlar” teleradiokanali” AJ faoliyatini kuchaytirish maqsadida uning 50 foiz aksiyalari O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga beriladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari har oyda kamida bir marta yoshlar bilan ochiq muloqotlarni o‘tkazib borish amaliyoti joriy etiladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: