Yosh yozuvchilar uchun! «HUMO-2019» ertaklar tanlovi!

2019 yilda ilk bora o‘tkazilayotgan “HUMO-2019” ertaklar tanlovi O‘zbekiston Mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlanadi.
“Humo-2019” nodavlat ertaklar tanlovining har yili o‘tkazilishi va imkoniyatlardan kelib chiqqan holda kelajakda Xalqaro miqyosga ko‘tarilishi rejalashtirilgan.
2019 yilda o‘tkaziladigan “HUMO” ertaklar tanlovining hakamlar hay’ati safida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Bolgariya va AQSHdan taklif etilgan yozuvchilar ham ishtirok etadi.

Asosiy qoidalar

O‘zbekistonda yashab, ijod qiluvchi yozuvchilar tashabbuskor guruhi tomonidan o‘tkaziluvchi “Humo-2019” nomli nodavlat ertaklar tanlovi O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi va “Donish chirog‘i” Nashriyot Uyi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Ushbu tanlov o‘tkazilishidan maqsad O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarida yashab, ertak janrida ijod qilayotgan qobiliyatli yosh ijodkorlarni aniqlash va ularning ijodiy rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat.
Tanlovda ishtirok etishni istagan mualliflarning yoshi 35 yoshdan oshmagan bo‘lishi shart.
Tanlovda qatnashishni istovchi, ammo 35 yoshdan oshgan mualliflarning asarlari tanlovdan tashqari qabul qilinadi. Bu holda asarlar tanlovga qabul qilinmaydi, baholanmaydi, biroq tanlov doirasidagi to‘plamlarga kiritiladi va alohida kitoblar shaklida nashr etilishi mumkin.
Tanlovda qatnashishni istovchilar uchun kasb, yozuvchilik tajribasi, jinsga oid cheklovlar qo‘yilmaydi.
“HUMO-2019” ertaklar tanlovi qoraqalpoq, rus va o‘zbek tillarida o‘tkaziladi.
Tanlov tashkilotchilari va hakamlar hay’ati a’zolarining ijod namunalari (ertaklar, chet tillaridan tarjima qilingan ertaklar) tanlovga qabul qilinmaydi, lekin tanlov natijalariga doir to‘plamlarga kiritiladi.
Tanlovga yuboriluvchi ertaklar zamonamiz bolalariga mo‘ljallangan, uyda, bog‘cha yoki maktablarda o‘qib berishga mos, kichik yoshdagi bolalarning tabiat hodisalari va tevarak-atrofdagi voqealarni tushunishlariga, bilimlari oshishiga va dunyoqarashlari shakllanishiga yordam beruvchi bo‘lishi shart.

Tanlovga qabul qilinuvchi asarlar uchun asosiy shartlar:

“HUMO-2019” ertaklar tanloviga yuboriluvchi ertaklar:
— tanlov ishtirokchisining original asari bo‘lishi;
— o‘zbek xalq ertaklari yoki boshqa xalqlarning ertaklaridan ko‘chirilmagan va taqlid qilinmagan bo‘lishi;
— bolalarning tushunishi va o‘qishi oson bo‘lishi;
— imloviy xatolardan holi bo‘lishi shart.
Ushbu talablarga javob bermaydigan asarlar tanlovga qabul qilinmaydi, baholanmaydi, muallifga javob qaytarilmaydi, izoh ham berilmaydi.

“HUMO-2019” tanlovining mazmuni:

Ertangi kunimizning poydevori bo‘lgan bolajonlarimizning aqlli, bilimli va oqil bo‘lib ulg‘ayishlarida ular tinglaydigan ertaklar katta o‘rin tutadi. Qadimdan o‘zbek xalq folklorida ertaklar, afsonalar, miflarga juda katta o‘rin ajratilgan bo‘lib, bolajonlarimiz aqlini tanigani hamoni tinglaydigan “Zumrad va Qimmat”, “To‘g‘rivoy va Egrivoy” kabi ertaklardan tortib to “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Kuntug‘mish” kabi ulkan dostonlargacha xalqning kuchli quvvai xayolini belgilovchi manbalar hisoblanadi.
O‘zbek xalq ertaklarida insonlarga baxt va omad keltiruvchi, umriboqiy qush — Humo ko‘p ta’riflanadi. Zamonaviy ertaklarga bag‘ishlangan tanlov “Humo” deb nomlanganini sababi ham aynan shudir. Illo, Humoqush jannatmakon yurtimizning ramzi ham hisoblanadi.
Siz hali 35 yoshga to‘lmagan, ko‘proq ertak janrida ijod qiluvchi, bolajonlarimizni aqlli, topqir, oqil qilib tarbiyalashga yordam beruvchi asarlar yozadigan yosh ijodkormisiz? Unda o‘zingizning iqtidoringiz va ijodiy salohiyatingizni namoyon eting. 2 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar miriqib, boladek quvonib o‘qiydigan, hatto kattalar ham o‘qiganida o‘zini bolalik olamiga tushib qolgandek his etadigan ajoyib, sehrli ertaklaringizni tanlovga jo‘nating! Agar hali ertak yozmagan bo‘lsangiz, unda o‘ylab ko‘ring, balki yozishga ulgurarsiz?

Yana o‘qing:  Loyiha yakunlandi

Tanlov qoidalari

Tanlov ishtirokchilarining soni cheklanmaydi. Har bir ishtirokchidan BITTAdan asar qabul qilinadi.
Tanlovga jo‘natiluvchi matnlar hajmi Microsoft Word hisoblagichi bo‘yicha oraliq (probel)lar bilan hisoblaganda 4 000dan 12 000 belgigacha bo‘lishi kerak.

Asarlar qabuli boshlanishi: 2019 yil 22 mart tungi soat 00:01dan.
Asarlar qabuli tugashi: 2019 yil 22 iyun tungi soat 23:59 gacha.

Rus va o‘zbek tilidagi asarlar tanlovning quyidagi elektron pochtasiga jo‘natiladi: humo_konkurs_skazok@mail.ru

Qoraqalpoq tilidagi asarlarni Saginbay Ibragimov o‘zining Feysbukdagi sahifasida qabul qiladi.
“Mavzu” satrida qat’iy izchillik bilan quyidagilar yozilishi lozim: ertak muallifining familiyasi va ismi, ertakning nomi.

Masalan:
Mavzu: Muhabbat Yo‘ldosheva, “Bahorning tug‘ilgan kuni”.
Ertak matni DOC formatida alohida faylda rasmiylashtirilishi va xatga qistirilishi lozim.
Ertak matnini xat ichiga ko‘chirish kerak emas!
Fayl nomi ertakning nomiga mos tushishi shart.
Faylning o‘zida ertakdan oldin muallifning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, yashash manzili, elektron manzili, telefon raqamlari ko‘rsatiladi. Asar nomidan keyin janri ko‘rsatiladi.

Masalan:
Sitora (Yo‘ldosheva Muhabbat Husnidinovna), 1964, Toshkent sh. *@*, — 998 94 — — —
Bahorning tug‘ilgan kuni
Ertak
Taxallus ostida ishtirok etishni xohlagan mualliflar esa xat matnida o‘zining taxallusini ko‘rsatishlari, ertak joylashtirilgan faylda taxallusini, qavs ichida esa haqiqiy familiyasi, ismi, otasining ismini ko‘rsatishlari lozim.

Masalan:
Mavzu: Sitora, “Bahorning tug‘ilgan kuni”
Ertak joylangan fayl:
Sitora (Yo‘ldosheva Muhabbat Husnidinovna), 1964, Toshkent sh. *@*, — 998 94 — — —
Bahorning tug‘ilgan kuni
Ertak

Tanlovda ishtirok etuvchi asarlar quyidagi janrlarda bo‘lishi lozim:

— ertak;
— fentezi.

Tanlovga quyidagi asarlar qabul qilinmaydi:

— bolalarning yoshiga (2-10)ga to‘g‘ri kelmaydigan ertaklar;
— tanlov g‘oyasiga mos bo‘lmagan ertaklar;
— imlo xatolari bilan yozilgan ertaklar;
— ochiqdan-ochiq yoki zimdan zo‘ravonlikka chaqiruvchi, diniy, milliy yoki siyosiy ixtiloflarni targ‘ib qiluvchi ertaklar;
— beadab iboralar va shahvoniy tasvirlar mavjud bo‘lgan ertaklar.
Ertaklarning tanlov shartlariga mos kelish-kelmasligini hakamlar hay’ati a’zolari aniqlashadi.

Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi:

Birinchi bosqichi: 2019 yil 23 iyundan — 1 sentyabrgacha.
Ikkinchi bosqichi: 2019 yil 1 sentyabrdan 1 dekabrgacha.
G‘oliblar e’lon qilinishi: 2019 yil 15 dekabr.

Yana o‘qing:  Qizamiq va qizilcha:

Tanlov asoschisi, tashkilotchisi va muvofiqlashtiruvchisi:

Gulnoz Tojiboyeva — yozuvchi, jurnalist, tarjimon, dizayner, rassom-restavrator.

Tanlov ekspertlari:

Saginbay Ibragimov — jurnalist, “Vesti Karakalpakistana” gazetasi muxbiri.
Muhabbat Yo‘ldosheva — yozuvchi, jurnalist, ssenarist, dizayner, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
Yelena Gryukalova — jurnalist, filolog.

Taklif etilgan Xalqaro hakamlar hay’ati a’zolari:

Mariya Filipova-Xaji — yozuvchi, filolog (Bolgariya).
Jildiz Akayeva — yozuvchi (Qirg‘iziston).
Kenes O‘rozbekuli — yozuvchi (Qozog‘iston).
Taxmina Ubaydulloyeva — yozuvchi (Tojikiston).
Husan Tursunov — fantast-yozuvchi (AQSH)

Tanlovning hakamlar hay’ati a’zolari:

Raim Farhodiy — yozuvchi, shoir, jurnalist, tarjimon, rassom, ekolog, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi a’zosi.
Akmal Najmiddinov — noshir.
Muhabbat Yo‘ldosheva — yozuvchi, jurnalist, ssenarist, dizayner, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
Saginbay Ibragimov — jurnalist, “Vesti Karakalpakistana” gazetasi muxbiri.
Galina Dolgaya — yozuvchi, Xalqaro Yozuvchilar Gildiyasi a’zosi.
Yelena Gryukalova — jurnalist, filolog.
Muhammadyusuf Muhiddinov — “Donish chirog‘i” NU Bosh direktori.
Maryam Ahmedova — shoira, yozuvchi, jurnalist, tarjimon.
Dilfuza Qo‘ziyeva — yozuvchi, jurnalist, tarjimon.

<Hakamlar ro‘yxati to‘ldirilishi mumkin>

Tanlovning yoritilishi:
Tanlovni yoritish Feysbukdagi “HUMO-2019” ertaklar tanlovi” nomli sahifada, shuningdek, tanlovning axborot sheriklarini sahifalarida amalga oshiriladi.
Tanlov g‘oliblarining ertaklari axborot hamkorlarining nashrlarida chop etiladi.
Tanlov finaliga chiqqan ishtirokchilar hakamlar hay’ati a’zolarining dastxati tushirilgan diplomlar bilan taqdirlanadi.
Tanlov g‘oliblari alohida taqdirlanadi.
Tanlov finaliga chiqqan asarlar o‘rtasida “Zamon ertakchisi” mukofoti uchun tanlov o‘tkaziladi. Ovoz berish shartlari tanlovning Feysbukdagi “HUMO-2019” ertaklar tanlovi” sahifasida e’lon qilinadi.
Tanlov natijalari bo‘yicha tanlov ishtirokchilarining asarlari jamlangan “Zamon ertaklari” nomli to‘plam nashr etilishi rejalashtirilgan.

Mualliflik huquqi
Mualliflarning o‘z ertagini tanlovga jo‘natishi ularning so‘zsiz Tanlov qoidalariga rozi bo‘lganlarini isboti hisoblanadi. Tanlov qoidalariga rozi bo‘lish bilan birga muallif o‘zining asari yuqorida ko‘rsatilgan nashrlar (axborot hamkorlari)da va tanlov yakuni bo‘lgan ertaklar to‘plamida beminnat chop etilishiga rozilik beradi. Bunda mualliflik huquqi muallifning o‘zida qoladi.

Ogohlantirish
Tanlovga jo‘natilgan, g‘olib bo‘lgan ertaklarning boshqa biron asardan ko‘chirilgani yoki taqlid qilingani haqidagi baxsli masalalar yuzaga kelgan taqdirda asarning originalligi uchun javobgarlik muallifning zimmasiga yuklatiladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: