Namanganda yurtimizdagi birinchi veloyo‘lak foydalanishga topshirildi

Ma’lumki, olimlar tomonidan sayyoramizda atmosfera haroratining tobora ko‘tarilib borayotgani, uning sabab va oqibatlari haqida turli gipotezalar o‘rtaga tashlanmoqda. Bunda, albatta, iqtisodiy taraqqiyot omillarining ham salbiy ta’siri bor. Jumladan, yoqilg‘ining organik turlaridan foydalanuvchi elektr va issiqlik stansiyalari, ichki yonuv dvigatellaridan chiqayotgan zararli gazlar atrof-muhitga salbiy ta’sir etish bilan birga, atmosfera havosi haroratining ko‘tarilishiga ham sabab bo‘layotir.

Shu nuqtai nazardan, mustaqillikning dastlabki yillaridan mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bugungi kunda dizel yoqilg‘isi bilan ishlovchi avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikalarini gazodizel moslamasiga o‘tkazish kabi bir qator yirik loyihalar asosida amalga oshirilayotgan ishlar atrof-muhitga zararli chiqindilar chiqarishni to‘rt barobar kamaytirish, dizel yoqilg‘isini 70 foizgacha qisqartirish imkonini bermoqda.

Transport vositasi sifatida velosipeddan foydalanishni targ‘ib qilish va joriy etish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ham ekologik muammolarni kamaytirish va uning salbiy oqibatlari oldini olishga qaratilgan ezgu maqsadlardan biridir. Bu amaliyot atmosfera havosi ifloslanishining kamayishi, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishning muhim omillaridan biri bo‘lib, avtomobil yo‘llaridagi tirbandliklarga chek qo‘yilishi bilan ahamiyatli. Bundan tashqari, velosiped transportini ommalashtirish iqtisodiy jihatdan ham yangi istiqbollar ochadi. Ya’ni, velosiped va ularga ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar, texnik xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar paydo bo‘lib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

O‘zbekiston Ekologik harakati, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori va Namangan viloyati hokimligi hamkorligida Namangan shahrida barpo etilgan zamonaviy veloyo‘lak ochilishiga bag‘ishlangan marosimda bu haqda alohida ta’kidlandi.

– Veloyo‘lak YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatorining “Ekologik tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasiga ko‘maklashish – faza II” loyihasi doirasida tajriba tariqasida bunyod etilib, kelgusida uni yanada uzaytirish va boshqa viloyatlarda ham barpo etish ko‘zda tutilgan, – deydi O‘zbekiston Ekologik harakati Namangan viloyati hududiy bo‘limi rahbari Q.So‘fijonov. – Uni tashkil etishdan maqsad atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, ekologik zararsiz bo‘lgan velotransportdan foydalanishni keng targ‘ib qilish, uni ommalashtirish va infratuzilmasini rivojlantirishdir.

Islom Karimov shohko‘chasi bo‘ylab barpo etilgan veloyo‘lak ochilishi munosabati bilan unda “Shahrimizni birgalikda obod qilaylik!” shiori ostida dastlabki velomarafon o‘tkazildi. Mazkur aksiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori vakillari, keng jamoatchilik, velosportchilar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Yana o‘qing:  Farmatsevtika: eksport va investitsiya qamrovi ortmoqda

Velomarafon ishtirokchilari “Do‘stlik” bozori maydonidan “Yoshlar bog‘i”gacha bo‘lgan 5 kilometrlik masofani bosib o‘tdi. Aksiya ishtirokchilarini yo‘l bo‘ylab mahalliy aholi va yo‘lovchilar qo‘llab-quvvatlab turdi.

Aksiya doirasida O‘zbekiston Ekologik harakati va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan 80 dan ziyod velosiped viloyatdagi Mehribonlik uyi, maktab-internat, oliy o‘quv yurti, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, ekologiya va tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa ijtimoiy muassasalarga sovg‘a qilindi.

Tadbir doirasida 26-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining mavzuga doir rasmlar tanlovi o‘tkazilib, faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Velomarafon viloyat san’atkorlari va yosh iste’dodlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.

Akramjon Sattorov,

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: