“Eng namunali oila” respublika tanlovi e’lon qilindi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Oila” ilmiy-amaliy markazi va “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi “ENG NAMUNALI OILA” respublika tanlovini e’lon qiladi.

Xalqimizga xos eng ulug‘ qadriyat – oilani ulug‘lash, uning jamiyat hayotidagi, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyatini e’tirof etish, mamlakatimizda oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini targ‘ib qilish, oilalarni mustahkamlashda keng jamoatchilikning o‘rnini hayotiy misollar orqali ko‘rsatib berish, shuningdek, ibratli oilalarni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tanlov 4 bosqichda bo‘lib, mahalla bosqichi 15 may – xalqaro Oila kuni arafasida, tuman (shahar) bosqichi iyul oyida, hududiy bosqich Mustaqillik bayrami arafasida, respublika bosqichi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi arafasida – dekabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

 

Tanlov shartlari:

Ishtirokchilar barcha bosqichlarda quyidagi shartlar asosida 10 ballik tizimda baholanadi:

 

1-shart – Oilalarning tanishtiruv chiqishlari.

Ishtirokchilar o‘z oilasi tarkibi, kasb-kori, oila a’zolarining sevimli mashg‘uloti, er-xotinning oila qurish jarayoni, qaynona-kelin munosabatlari, farzandlarni go‘zal axloq, ilmu ma’rifat, jismoniy va ruhiy uyg‘unlikda kamolga yetkazishi, nabiralar tarbiyasidagi hayotiy tajribasi, oiladagi an’ana va qadriyatlari to‘g‘risida hayotiy misollar asosida qiziqarli tarzda bayon qiladi (tanishtiruv she’riy yoki musiqiy tarzda bo‘lishi ham mumkin). Bajari sh vaqti – 5 daqiqa.

 

2-shart – “Biz kitobxon oilamiz”.

Oila kutubxonasi, oila a’zolarining zamon bilan hamnafasligi, kiyinish, muomala madaniyati, dunyoqarashining kengligida, ularning “ommaviy madaniyat” va boshqa g‘oyaviy tahdidlarga qarshi kurasha oladigan, mustaqil fikrga ega bo‘lishi, shuningdek, farzandlarning turli yutuqlarga erishuvida kitobning ahamiyati yuzasidan tezkor savol-javoblar.

 

3-shart – “Oila mustahkamligi – yurt tinchligi” mavzusida videorolik.

Oilaviy hayotda uchraydigan loqaydlik, bir-birini ko‘rolmaslik, oilada er-xotin, qaynona-kelin, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchilik, chet elga ish izlab ketish, to‘y-hashamlardagi ortiqcha dabdababozlik, yoshlarni diniy ekstremizm, jinoyat yo‘liga kirib ketishi kabi muammoli voqeiy holatlarning oldini olish yuzasidan 3 minutlik videorolik tayyorlash.

 

Taqdirlash:

Tanlovning barcha bosqichlarida 1-, 2-, 3-o‘rin g‘oliblari va “Kitobsevar oila”, “Sportchi oila”, “Ishbilarmon oila” “Mehribon qaynona”, “Ahil oila”, “Saxovatli oila”, “Ibratli kelin”, “Fayzli oila” nominatsiyalari bo‘yicha sovrindorlar aniqlanib, ular hamkor tashkilotlarning diplom, sertifikatlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Yana o‘qing:  Osiyoda paralimpiya harakatini rivojlantirish yo‘lida

Hududiy bosqichlarda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan oilalar tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etadi.

Taqdim etiladigan hujjatlar:

Saralash va hududiy bosqichlar uchun:

1) Oila tarkibi va ularning faoliyati haqidagi ma’lumotlar (shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, nikoh rasmiylashtirilganligi haqidagi hujjat va diplomlar nusxasi).

2) Fuqarolar yig‘ini, qo‘ni-qo‘shnilar va ish joyidan oila a’zolari haqida tavsifiy ma’lumotnoma. Tavsifiy ma’lumotnomada quyidagilarga e’tibor qaratiladi: oilaning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va xo‘jalik yuritishi, jamoat ishlaridagi ishtiroki, mahalla va ta’lim muassasalari bilan aloqasi, er-xotinning ahilligi va hamjihatligi, qaynona-kelin, oila a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va boshqa mezonlarga e’tibor qaratish.

 

Yakuniy bosqich uchun:

1) Hududiy bosqich bo‘yicha hakamlar hay’atining bayonnomasi.

2) Ishtirokchilar pasporti, nikoh tuzilganligi va farzandlari tug‘ilganligi haqida guvohnoma nusxalari.

3) Oila hayoti va hududiy bosqichdagi ishtiroki haqida 3 daqiqalik videolavha.

Hujjatlar mahalla bosqichi uchun 10 mayga qadar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga;

tuman (shahar) bosqichi uchun 10 iyunga qadar tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitalariga;

hududiy bosqich uchun 1 avgustga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitalariga;

Respublika bosqichi uchun 10 sentyabrga qadar Respublika tashkiliy qo‘mitasiga topshirilishi lozim.

Respublika tashkiliy guruhi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: