2019 yilda sog‘liqni saqlash tizimiga qancha mablag‘ ajratiladi?

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, partiya faollari ishtirok etgan yig‘ilishda davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetining 2018 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi hamda 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan Byudjetnoma loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan 30 trillion so‘m rejalashtirilib, haqiqatda 28,89 trillion so‘m yoki umumiy xarajatlarning 53,4 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi. Deputatlar ta’lim tizimi muassasalarini saqlash, ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan ajratilgan 13,63 trillion so‘m mablag‘ ishlatilganiga jiddiy e’tibor qaratdi.

Afsuski, ushbu mablag‘larning to‘liq o‘zlashtirilishi ta’minlanmagan. Jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalariga markazlashgan tartibda mebel va boshqa jihozlar sotib olish xarajatlari, o‘quv qo‘llanmalar va didaktik materiallar xarid qilish, umumta’lim muassasalarini darsliklar bilan ta’minlash, kam ta’minlangan oilalar farzand­lariga qishki kiyimlar xarid qilish uchun ajratilgan jami 84,6 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilmagan. Fraksiya a’zolari bu holatni tegishli soha mas’ul xodimlarining mas’­uliyatsizligi, deya baholadi.

Yig‘ilishda ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etishga ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilmagani ham tanqid ostiga olindi. Xususan, ustuvor innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, startap loyihalari uchun joriy yilning iyul oyida 50 milliard so‘m miqdorida byudjet mablag‘lari ajratilgan. Lekin bugungi kunda ushbu mablag‘ o‘zlashtirilishi ta’minlanmagan.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tomonidan sog‘liqni saqlash sohasiga doir qabul qilingan hujjatlar ijrosi uchun rejalashtirilgan 129,9 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar to‘liq o‘zlashtirilmagani e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash tizimida asosiy e’tibor aholining hayotdan roziligini ta’minlashga qaratilayotgan bir paytda yuqorida qayd etilgan byudjet mab­lag‘larini o‘z vaqtida o‘zlashtirilmagani tizimdagi islohatlar samarasiga o‘z ta’sirini o‘tkazayotganligi ta’kidlandi.

2019 yilda ham avvalgi yillar singari davlat byudjetida ijtimoiy xarajatlarning ustuvorligi saqlab qolinadi. Va ushbu sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘lar 57,82 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu Byudjetnoma loyihasining xalqchilligi va ijtimoiy yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.

2019 yilda maktabgacha ta’lim muassasalarini moliyalashtirishga davlat byudjetidan o‘tgan yilga nisbatan 51 foiz ko‘p, ya’ni 4,2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish belgilanmoqda. Bunda maktabgacha ta’lim muassasalarida sifatli ovqatlantirishni tashkil qilish uchun byudjetdan qo‘shimcha 360 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Pirovardida, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar qamrovi 35 foizdan 45,4 foizga oshishi ta’minlanadi.

Shuningdek, bosh moliyaviy hujjat loyihasida sog‘liqni saqlash tizimiga ham katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, ushbu soha xarajatlari uchun 12,088 trln. so‘mni o‘tgan yilga nisbatan 30,5 foizga oshgan holda jami xarajatlarning 11,3 foizini tashkil etmoqda. Bu xarajatlar orqali birinchi tibbiy yordam xizmati, oila sog‘ligini mustahkamlash, ona va bola himoyasi, tibbiyot muassasalrida ijtimoiy dorixonalarning sifatini kuchaytirishga birlamchi ahamiyat qaratiladi.

Yana o‘qing:  Olis qishloqlarga o‘quv qurollari ko‘chma maktab do‘konlari orqali yetkazib berilmoqda

Fraksiya a’zolari 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan Byudjetnoma loyihasi bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdi. Jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, ularni rekonstruksiya qilishni rejalashtirishda asosiy e’tiborni bola qamrovi o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha kam bo‘lgan Surxondaryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlariga qaratish zarur. Tibbiyot muassasalarini dori-darmon va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga ajratiladigan mablag‘larni hududlar kesimida adolatli taqsimlash tizimini joriy etish, umumta’lim muassasalarida stomatologiya xonasini tashkil qilish, davolash-profilaktika ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.

 Fraksiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida

Sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb  25,8 foizga o‘sgan.

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: